Urganch shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyati kengashining IX konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi apparati rahbari Olimjon Saliyev, O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi o‘rinbosari Ibrohim Isoqov, hamkor tashkilotlar va ish beruvchilar vakillari, konferensiya delegatlari, mehmonlar ishtirok etdi.
Viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilab, keyingi yillarda mamlakatimizda kasaba uyushmalari faoliyatini huquqiy jihatdan mustahkamlash, ularning samaradorligini oshirish maqsadida bir qator muhim tashabbuslar amalga oshirilganligini e’tirof etdi.
– Kasaba uyushmalari – xalq va davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik, mehnatkashlar ovozining ifodasi sifatida ijtimoiy barqarorlik va birdamlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda. Xorazm viloyatida ham so‘nggi besh yilda mazkur tuzilmaning faoliyati kengayib, jamiyatda o‘z o‘rnini yanada mustahkamladi, – dedi viloyat hokimi J.Rahimov.
Konferensiyada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyati kengashi raisi Gulsara Qurbonboyeva o‘tgan besh yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
[gallery-24375]
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borilayotgan izchil islohotlar ijrosini ta’minlashda O‘zbekiston kasaba uyushmalarining bir bo‘g‘ini bo‘lgan Federatsiyaning Xorazm viloyati Kengashi ham munosib ishtirok etmoqda.
– O‘tgan besh yil davomida viloyat bo‘yicha kasaba uyushmalari tuzilgan tashkilotlar soni 547 taga ortib, jami 2 ming 544 taga yetdi, – deydi Gulsara Qurbonboyeva. – A’zolar soni 410 ming 847 nafarni tashkil etmoqda. Barcha darajadagi kasaba uyushmalari tashkilotlari, ayniqsa boshlang‘ich tashkilotlar rahbarligiga yoshlar va ayollar keng jalb qilindi. 2025 yilda viloyatdagi 2 ming 542 ta boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilishlari va konferensiyalari yuqori saviyada o‘tdi. Barcha boshlang‘ich tashkilotlar rahbarligiga saylovlar muqobillik asosida, rahbarlik lavozimiga 2-3 nafardan nomzodlar taklif etilgan holda va 192 ta tashkilotda yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazildi. Yangi saylangan qo‘mita raislarining 43,9 foizini ayollar, 12,4 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, 55,5 foizini oliy ma’lumotlilar tashkil etdi.
Tadbirda qayd etildiki, hisobot davrida 840 marta yangi ish o‘rinlari yarmarkalari o‘tkazilib, ishga joylashishni ixtiyor etgan 96 ming nafardan ziyod fuqaroga turli tashkilot va korxonalarga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi. O‘tgan davr mobaynida viloyat kengashiga 527 ta murojaat kelib tushgan. Mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida 156 ta sud majlislarida 240 nafar kasaba uyushmasi a’zolarining buzilgan huquqlari tiklangan. Xodimlar foydasiga jami 1 milliard 87 million so‘mdan ortiq pul mablag‘lari undirib berilgan.
– 2020-2024 yillarda kasaba uyushma byudjeti va ijtimoiy sug‘urta mablag‘laridan 8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga 61 mingdan ziyod bolalar oromgohlarda sog‘lomlashtirildi, – deydi federatsiyaning viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Kamoljon Bekjonov. – Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlari va boshqa viloyatlarga jami 150 ming nafardan ziyod xodimlar hamda yoshlarning sayohatlari, teatr, muzeylar, ko‘rgazma zallari va konsertlarga tashriflari uyushtirildi.
Bayramlar arafasida kam ta’minlangan, ko‘p bolali, yolg‘iz oilalar, urush va mehnat faxriylari, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan keksalar, talaba va o‘quvchilarning 61 ming 125 nafariga ijtimoiy himoya yordami ko‘rsatildi.
Konferensiyada shuningdek, taftish komissiyasi hisoboti tinglandi. Delegatlar viloyat kengashi faoliyatini qoniqarli deb baholadi va taftish komissiyasi hisobotini tasdiqladi.
Anjuman yakunida muqobillik asosida o‘tkazilgan yashirin saylov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston kasaba uyushmalarining bir bo‘g‘ini bo‘lgan Federatsiyaning Xorazm viloyati Kengashi raisligiga Gulsara Qurbonboyeva saylandi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(Surat), O‘zA muxbirlari