Bojxona organlari xodimlarining xizmat faoliyatida uchrayotgan muammolarni aniqlash hamda ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Bojxona qo‘mitasining Strategik rejalashtirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish boshqarmasi boshlig‘i F.Olimjonov Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona postida o‘rganishlar olib bordi.
Dastlab, postda joriy etilgan ish tartibi, xodimlarning smenaga kelib-ketishi va xizmatdan tashqari vaqtlarda hordiq chiqarishlari uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Bugungi kunda “Olot” chegara bojxona postida xodimlar sutkalik uch smenali tartibda xizmat olib bormoqda. Postning Buxoro shahridan 110 kilometr uzoqlikda joylashgani inobatga olinib, ular uchun maxsus xizmat avtobusi ajratilgan.

– O‘rganish jarayonida yosh kadrlarning kasbiy shakllanishi ham e’tibordan chetda qolmadi. Xususan, postda xizmat qilayotgan 9 nafar yosh xodimga tajribali ustoz-murabbiylar biriktirilgani, ular bilan suhbat chog‘ida esa nafaqat sohaga oid bilim va ko‘nikmalar, balki murabbiylik an’analari orqali kasb sirlarini yanada chuqurroq o‘rganish imkoniyati yaratilgani aniqlandi, – deydi F.Olimjonov.

Shuningdek, bojxona organlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham alohida muhokama qilindi. Xodimlar faoliyatini baholash natijalariga ko‘ra, ijobiy ko‘rsatkichlarga erishganlar har oylik KPI asosida rag‘batlantirilayotgani, ularning farzandlari uchun oliy ta’lim muassasalariga qabulda ikki foizli qo‘shimcha davlat grant kvotalari ajratilgani qayd etildi.
O‘rganish davomida xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, doimiy ravishda o‘quv-seminarlar tashkil etilishi, malaka oshirish kurslariga jalb etilishi hamda xorijiy tajribani o‘rganish uchun imkoniyatlar yaratib berilayotgani ta’kidlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.