Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi munosabatlar muhokama qilindi
13:32 / 2025-09-26

Qashqadaryo viloyat sudida xodimga ish haqi to‘lashni va unga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni kechiktirganlik uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi yuzasidan seminar tashkil etildi.

Unda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalar hamda viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasining mas’ullari, davlat mehnat inspektorlari ishtirok etdi.

Tadbirda fuqarolik sudlarida Mehnat kodeksining 333-moddasini qo‘llagan holda ishlarni ko‘rish amaliyoti, mazkur fuqarolik ishlarini ko‘rishda vujudga kelayotgan muammolar va ularning huquqiy yechimlari xususida so‘z yuritildi. 

Shuningdek, davlat mehnat inspektorlarining huquq va majburiyatlari, fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya etishi va ularning himoya qilinishi, xavfsiz shart-sharoitlar hamda mehnatni muhofaza qilishni ta’minlash sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Tumanlararo sudlariga 2024-2025 yilning 8 oyi mobaynida davlat mehnat inspektorlari tomonidan fuqarolar manfaatida sudlarga berilgan statistik ma’lumotlar ochiqlanib, kelgusida fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklarining oldini olish maqsadida qonunchilikni to‘g‘ri tushuntirish, aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha belgilangan muddatlarda sudlarga da’vo arizasi berish, jamoa o‘rtasida Mehnat kodeksi talablaridan kelib chiqib, unga rioya etish, xodimlarni vazifasidan ozod etish, ularga intizomiy jazolar qo‘llashda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, ishga qabul qilishda ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga suyangan holda malakali va bilimli kadrlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tushuntirib o‘tildi.

Bundan tashqari, davlat mehnat inspektorlari tomonidan “Raqamli sud” tizimidan samarali foydalanish imkoniyatlari haqida ham ma’lumot berildi. 

Jumladan, sud ishlarini elektron shaklda yuritish, “Adolat” axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tib, hujjatlarni onlayn tarzda taqdim etish, sud qarorlarini raqamli formatda qabul qilish, elektron raqamli imzo (ERI) asosida rasmiylashtirish va masofadan turib videokonferensaloqa orqali sud majlislarida ishtirok etish imkoniyatlari tushuntirib o‘tildi.

O‘lmas Barotov, O‘zA