Huquqiy munosabat
Ma’lumki, xodim ishdan bo‘shaganda xodim bilan hisob-kitob qilinishi kerak. Bu qonunchiligimizda ko‘rsatib qo‘yilgan.
Bu borada Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev quyidagicha tushuntirish berdi:
–Mehnat kodeksining 172-moddasiga ko‘ra, hisob-kitob xodimga oxirigacha olinmagan ish haqini berishda, xodim tomonidan foydalanilmagan barcha asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun kompensatsiyani to‘lashda qo‘llaniladi.
Shuningdek, agar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida boshqa to‘lovlar to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, ushbu to‘lovlarni to‘lashni o‘z ichiga oladi.
Mehnat kodeksining 234-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanadi.
Mehnat kodeksining 254-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilinganda ish beruvchidan xodimga berilishi kerak bo‘lgan barcha summalarni to‘lash xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni amalga oshiriladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, xodim ishdan bo‘shayotgani munosabati bilan ish haqining to‘lanmagan qismi va foydalanilmagan ta’tillar uchun kompensatsiyalarni olishi mumkin bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA