Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xodim huquqi himoya qilindi
17:37 / 2025-10-21

Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimi xodimining mehnat huquqi tiklandi. Bu holat kasaba uyushmalarining fuqarolar huquqlarini himoya qilishdagi faol ishtiroki va qonun ustuvorligini ta’minlashdagi ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.

Respublika tez tibbiy yordam markazi Sirdaryo viloyati filiali direktori tomonidan qabul qilingan buyruqqa muvofiq, joriy yil 19 sentyabrdagi 61-sonli buyruq bilan Guliston shahar 1-bo‘lim mudiri Nafisa Reimbayevaga nisbatan qo‘llangan intizomiy jazo chorasi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Sirdaryo viloyati bo‘yicha mehnat huquqi inspektorlari yordami bilan rasman bekor qilindi.

Nafisa Reimbayeva filialning Guliston shahar 1-bo‘limi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa-da, filial rahbari tomonidan unga asossiz ravishda intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. 2025 yil 9 sentyabrda mazkur xodimga oylik maoshining 30 foizi miqdorida jarima belgilangan edi.

Xodim bu qarorni asossiz deb hisoblab, avval yuqori turuvchi muassasalarga murojaat qildi. Biroq masala ijobiy hal etilmagani sababli u O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Sirdaryo viloyati bo‘yicha mehnat huquqi inspektorlariga yordam so‘rab murojaat etdi.

Murojaat asosida o‘tkazilgan tekshiruv natijasida, qo‘llangan intizomiy jazo chorasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq emasligi aniqlandi. Shu sababli O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Sirdaryo viloyati bo‘yicha mehnat huquqi inspektori A. Albekov tomonidan 2025 yil 19 sentyabrda 66-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan ko‘rsatma xat yuborildi. Unga muvofiq, xodimga nisbatan belgilangan jazo bekor qilinishi belgilandi.

Eng muhimi, xodimning haq-huquqi tiklandi. Unga nisbatan qo‘llangan intizomiy jazo kasaba uyushmasining aralashuvi va qonuniy nazorati natijasida bekor qilindi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri