Xo‘jayli tumani hokimi jahon chempionini 10 mln. so‘m bilan mukofotladi
Xo‘jayli tumani hokimi Jenis Yermashev sambo bo‘yicha jahon chempioni Umida Jumanazarovani 10 mln.
Xo‘jayli tumani hokimi Jenis Yermashev sambo bo‘yicha jahon chempioni Umida Jumanazarovani 10 mln. so‘m bilan mukofotladi. Umida shu yili 11-13 oktabr kunlari Toshkent shahrida o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida 48 kg. salmoq kategoriyasida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.
Umida 2002 yilda Xo‘jayli tumanida tug‘ilgan. Hozirgi kunda tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 19-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi. Sportning sambo turiga bolaligidan qiziqqan. Uning ustozi ota-onalari Anvar Ataxanov va Umida Beshimovalardir.
U Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston Respublikasi miqyosida o‘tkazilgan ko‘plab musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Yutuqlari natijasida O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tomonidan I va III darajali diplomlar egasi bo‘ldi.
- Yurtimizda Yurtboshimiz tomonidan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish bo‘yicha olg‘a surilgan 5ta muhim tashabbusning ikkinchisi aynan yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan. G‘oliblarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish ularning yanada shijoatini oshirishga va boshqa tengdoshlarining qiziqishini orttirishiga zamin yaratadi, - deydi tuman hokimi J.Yermashev.
Qoraqalpog‘istonda o‘smirlar va yoshlar sporti sohasida ko‘plab yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Jumladan, joriy yil 22 sentabr kuni “TASHKENT GRAND PRIX 2019“ xalqaro musobaqasida -81kg. vazn toifasida janglarda ishtirok etgan qoraqalpog‘istonlik sportchi Sharofiddin Boltaboev qarshilash raqibini 2 soniyada mag‘lub qilib, jahon rekordini o‘rnatgan bo‘lsa, Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi Jalg‘asbay Berdimuratov Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida o‘tkazilgan sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionatida -77 kilogrammda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Tokio Olimpiadasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan edi.