French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xoʻjaliklar faoliyati saqlab qolindi
19:58 / 2020-04-22

Bugungi kunda qishloq xoʻjaligiga bozor munosabatlarini joriy etish, ishlab chiqarishni rivojlantirish, sohada tadbirkorlik faoliyati erkinligi va mustaqilligini taʼminlash boʻyicha bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirilmoqda.


Bugungi kunda qishloq xoʻjaligiga bozor munosabatlarini joriy etish, ishlab chiqarishni rivojlantirish, sohada tadbirkorlik faoliyati erkinligi va mustaqilligini taʼminlash boʻyicha bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi farmoni bilan “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi tasdiqlanib, uning 3.13-bandida qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishning samaradorligini oshirish, intensiv texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni keng joriy qilish, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, klaster tizimini va barcha yoʻnalishlarda qishloq xoʻjalik mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni yana-da rivojlantirish yoʻnalishlarida qishloq xoʻjaligi sohasini isloh qilishga oid chora-tadbirlar belgilandi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida Yer kodeksida yerdan foydalanish huquqini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish masalasi nazarda tutildi.

Binobarin, mamlakatimiz iqtisodiyotining qishloq xoʻjaligi sektorini rivojlantirishda amalga oshirilayotgan pirovard harakatlarimiz samaradorligini tushirishga xizmat qilayotgan bir qator aspektlar shunisi bilan izohlanadiki, yerdan foydalanish huquqining yetarli darajada kafolatlanmaganligi sohaga investitsiyalarni jalb etish hamda xoʻjaliklarni boshqarish istiqboliga ishonchsizlik paydo boʻlishiga imkon tugʻdiradi.

Shu bilan birga yerdan foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilishning aniq va shaffof mexanizmlari bugungi kunga qadar toʻliq yaratilmaganligi oqibatida agrar soha vakillarining huquq va manfaatlari buzilishi kuzatilayotganligini istisno etib boʻlmaydi.

Mazkur dolzarb masalalarni Navoiy viloyati miqyosida koʻradigan boʻlsak, viloyatning Karmana tumanida faoliyat yuritayotgan “Asilbek Asilaxon Kelajagi”, “Xazora Erkin Chorvador”, “Umidnur-Kelajagi”, “Qaxramon” fermer xoʻjaliklarining ijara shartnomasi asosida foydalanishida boʻlgan yer maydonlarining tuman hokimi qarori bilan zaxiraga olinishi oqibatida xoʻjaliklarning ashyoviy huquqlariga daxl qilinib, tadbirkorlik subyektlarining faoliyati toʻxtatilishiga sunʼiy zamin yaratilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili aralashuvi bilan mazkur holat huquqiy tartibga solinishi uchun daʼvo arizasi kiritilib, Karmana tuman maʼmuriy sudining 2020-yil 11-martdagi qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan fermer xoʻjaliklari qonuniy faoliyati davom ettirilishi uchun muqaddam ijara shartnomasi asosida foydalanishida boʻlgan yer maydonlari qaytarilishi taʼminlangan.

Muxtasar aytganda, iqtisodiyotning qishloq xoʻjaligi sektorini rivojlantirish uchun fermer xoʻjaliklarining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish barobarida tadbirkorlik faoliyati huquqiy kafolatlarini taʼminlash vazifasi har bir davlat tashkiloti uchun ahamiyatli boʻlib qolmogʻi lozim.