Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
XMTning ikkita konvensiyasi O‘zbekiston Respublikasi uchun kuchga kirdi
19:14 / 2020-11-19

Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat inspeksiyasi sohasiga oid “Sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi 81-sonli (Jenevada 1947 yil 11 iyulda qabul qilingan) va “Qishloq xo‘jaligida mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi 129-sonli (Jeneva, 1969 yil 25 iyun) konvensiyalari 2020 yil 19 noyabrdan O‘zbekiston Respublikasi uchun kuchga kirdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi saytida ma’lum qilingan.

Ayni payt ushbu xalqaro shartnomalarda mos ravishda 148 va 54 davlat ishtirokchi hisoblanadi.

Konvensiyalar sanoat, savdo va qishloq xo‘jaligida xodimlarning mehnat sharoiti va ushbu sohalardagi ish jarayonida mehnat muhofazasi bilan bog‘liq qonun hujjatlarining qo‘llanishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan mehnat inspeksiyasi tizimini yaratishga qaratilgan.

Hujjatlarda o‘z vazifalarini bajarish chog‘ida xodimlarni himoya qilish va mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga to‘liq rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan idora sifatida mehnat inspeksiyasini tashkil etish, tuzilmaning moddiy-texnik vositalari, vakolati, vazifasi va funksiyasini tartibga soluvchi asosiy qoidalar belgilangan.

Ushbu xalqaro shartnomalarga muvofiq, mehnat inspeksiyasi tizimining vazifalari quyidagilardan iborat:

ish joyida xodimning mehnat sharoiti va mehnat muhofazasi sohasidagi, shu jumladan ish vaqti, ish haqi, mehnat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, ayollar va bolalar mehnatidan foydalanish hamda boshqa shu kabi masalalar bo‘yicha qonun hujjatlariga amal qilinishini mehnat inspektorlari tomonidan ta’minlash;

ish beruvchi va xodimga mehnat qonunchiligiga amal qilishning eng samarali vositalari to‘g‘risida tegishli axborot va tavsiyalar berish;

vakolatli organga amaldagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan qoida buzarliklar yoki suiste’mol qilish holati to‘g‘risida xabar berish va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha taklif kiritish.

Xalqaro mehnat tashkilotining ushbu konvensiyalarida O‘zbekiston Respublikasining ishtiroki mehnat inspeksiyasi sohasida xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etish orqali milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish va mehnat inspeksiyasi xodimlari malakasini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ishtirokchi davlatlar mehnat inspeksiyasi xizmatlari bilan samarali hamkorlik qilish imkonini beradi.

Bundan tashqari, mazkur konvensiyalar mehnat sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash, qonun ijrosi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish, sanoat, savdo va qishloq xo‘jaligida majburiy mehnatga barham berish, shuningdek, mehnat va bandlik sohasida inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha ish sifatini yangi darajaga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zA