Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xizmatlar sohasining hajmi va sifati oshmoqda
17:59 / 2022-05-10

Insonlar hayot darajasi va sifatini yaxshilashda xizmat ko‘rsatish sohasining o‘rni beqiyos.

Mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha jabhalari singari xizmat ko‘rsatish sohasida ham tub o‘zgarishlar boshlandi. bugungi kunda yurtimizda xizmatlarni kengaytirish, xizmat ko‘rsatishning yangi turlarini yo‘lga qo‘yish, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, xizmatlar sohasining kengayishi va rivojlanishi milliy daromadlarning oshishini ta’minlovchi hamda aholi uchun munosib turmush darajasini ta’minlashning hal qiluvchi omilidir. Xizmatlarning yuqori sifati va xilma-xilligi xodimlarning mehnat samaradorligini oshiradi, iste’mol xarajatlarini kamaytiradi, vaqt tejalishiga olib keladi.   

Poytaxtimiz Toshkent shahrida xizmat ko‘rsatish sohasining turli ko‘rinishlari jadal rivojlanmoqda. Toshkent shahar statistika boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-mart oylarida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 5 876,8 milliard so‘mga oshib, 27 997,5 milliard so‘mga yetdi. 2021 yilning yanvar-mart oylariga (110,5 foiz) nisbatan o‘sish sur’ati 119,8 foizni tashkil etadi. 

Shuni alohida aytish lozimki, 2022 yil yanvar-mart oylarida ta’lim sohasidagi xizmatlar hajmi 1 271,6 milliard so‘mni yoki ko‘rsatilgan bozor xizmatlari umumiy hajmining 4,5 foizini tashkil etdi. O‘sish sur’ati 2021 yil yanvar-martga nisbatan 91 foizni tashkil etgan. Sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi esa 2022 yilning yanvar-mart oylarida 560,6 milliard so‘mni tashkil etdi. Xizmatlarning umumiy hajmida ularning ulushi 2 foizni tashkil qildi.  

Xizmat ko‘rsatish sohasining jadal rivojlanishi yangi ish o‘rinlari yaratilishi va aholi bandligini ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, ushbu sohalardagi o‘sish sur’atining oshishi quvonarli hol.  

M.Komilova, O‘zA