Bugun O‘zbekiston iqtisodiyoti yangilanish va yuksalishning sifat jihatdan yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Bu murakkab va mas’uliyatli jarayonda xizmatlar sohasi nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshiruvchi tarmoq, balki aholi farovonligini ta’minlovchi, eng ko‘p ish o‘rinlari yaratuvchi asosiy “lokomotiv” ga aylandi. Davlatimiz rahbari tomonidan sohani rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor va berilayotgan imtiyozlar servis industriyasining geometrik progressiya bilan o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 2017 yilda xizmatlar hajmi 15 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yil yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich 82 milliard dollarga yetdi. Navbatdagi marra esa yanada baland — 2026 yilda 100 milliard dollarlik dovondan o‘tish bosh maqsad qilib belgilangan. Bu o‘zgarishlar aholi jon boshiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmida ham aks etmoqda: 2020 yildagi 6,4 million so‘mlik ko‘rsatkich 2025 yilga kelib qariyb 4 barobarga oshdi va 25 million so‘mni tashkil etdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday shiddatli o‘sish zamirida mustahkam huquqiy poydevor va tizimli islohotlar yotibdi. Iqtisodiy tahlilchilarning fikricha, xizmatlar sohasining YAIMdagi ulushi ortishi mamlakat iqtisodiyotining barqarorligini ta’minlaydi. Ayniqsa, 2025 yil 27 fevraldagi Prezident qarori soha tadbirkorlari uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Bugun servis sohasi 10 million aholining bandligini ta’minlayotgani bilan ijtimoiy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. E’tiborli jihati, servis sohasining jadal rivoji endilikda faqat yirik shaharlar bilan cheklanib qolmay, eng olis qishloq va mahallalargacha kirib bormoqda. Olis hududlarda zamonaviy maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari, tibbiy punktlar va ta’lim markazlarining tashkil etilishi shahar va qishloq o‘rtasidagi turmush tarzi tafovutini keskin kamaytirishga xizmat qilayotir.

Loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda bank tizimi, xususan, “O‘zmilliybank” AJ asosiy bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilmoqda. Oxirgi besh yilda banklar tomonidan sohaga ajratilgan 256,5 trillion so‘mlik kredit mablag‘larining qariyb 50 trillion so‘mi aynan ushbu bank hissasiga to‘g‘ri keladi. Tadbirkorlar uchun yaratilgan moliyaviy imtiyozlar, xususan, kredit stavkalarini optimallashtirish, garov ta’minoti bo‘yicha yengilliklar va imtiyozli davrlarning uzaytirilishi minglab yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish imkonini berdi. Mablag‘larning 42 foizi yangi ob’ektlarni barpo etishga yo‘naltirilgani natijasida ilgari faqat xorijda ko‘rganimiz — “24/7” formatida ishlaydigan gavjum ko‘chalar bugun kundalik hayotimizga aylandi. Birgina 2025 yilda Toshkent shahrida 26 ta shunday ko‘chalar tashkil etilgan bo‘lsa, bu tajriba Andijondan tortib Surxondaryoning eng chekka tumanlarigacha keng yoyilmoqda.
Tibbiyot sohasida xizmat ko‘rsatish salohiyati ham yildan-yilga yuksalmoqda. Tadbirkor Hakim Fayziyevning ta’kidlashicha, davlat tomonidan yaratilgan sharoitlar mahalliy tibbiyotni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

– Prezidentimizning alohida e’tibori bilan yer va kredit ajratilishidagi to‘siqlar olib tashlangani bizga katta ishonch berdi, – dedi tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan loyiha rahbari Hakim Fayziyev. – “O‘zmilliybank” AJ ning imtiyozli kreditlari hisobiga dunyo standartlariga javob beradigan zamonaviy amaliyot xonalarini tashkil etdik. Natijada, 2025 yilning ikkinchi yarmida 20 milliard so‘mdan ortiq xizmat ko‘rsatdik, 2026 yilda bu ko‘rsatkichni 50 milliardga yetkazmoqchimiz. Eng katta maqsadimiz — xalqimiz davolanish uchun xorijga bormasligiga erishish va qishloq joylarida ham yuqori texnologik servis sifatini ta’minlashdir.
Xulosa qilib aytganda, xizmatlar sohasi uchun belgilangan 100 milliard dollarlik marra — bu xalqimiz uchun sifatli servis, tadbirkorlar uchun keng istiqbol va mamlakat uchun barqaror iqtisodiy yuksalish demakdir. Xizmatlar sohasi O‘zbekistonning yangi iqtisodiy qiyofasini belgilab berishda va chekka hududlarda yashayotgan aholining hayot sifatini oshirishda asosiy drayver bo‘lib qoladi.
Kamola Yusupova,
O‘zA