Buxoro viloyatiga 28 dona maxsus texnikalar ajratilmoqda. Maxsus texnikalarning bir qismi Buxoro viloyatiga yetib keldi. Texnikalar hududda davlat-xususiy sheriklik bitimlari asosida xizmat ko‘rsatayotgan sanitar korxonalarining talablariga ko‘ra taqsimlanadi.
Bu viloyatda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish qamrovini kengaytirib, xizmatlar sifati yaxshilanishiga olib keladi. Loyihani afzalligi shundaki, texnikalar sanitar korxonalarga uzoq muddatga (10 yilga) imtiyozli shartlar asosida beriladi. Bir yilga yetadigan ehtiyot qismlari bilan ta’minlanadi.


Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 noyabrdagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bilan Osiyo taraqqiyot bankidan 60 million dollar qarz mablag‘lari imtiyozli shartlar asosida jalb qilingan.


Loyihaning asosiy maqsadi maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish, sanitariya jihatidan tozalash tizimi infratuzilmasini rivojlantirish, tozalashga ixtisoslashtirilgan davlat tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shuningdek, aholining sifatli tozalash xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish hisoblanadi. Shu maqsadda respublika bo‘yicha jami 300 dona maxsus texnikalar xarid qilingan.
Zarif Komilov, O‘zA