Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xizmat ko‘rsatish takomillashadi
18:35 / 2025-07-18

Samarqand viloyati shahar va tumanlarida sanitar tozalikni ta’minlashga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida tizim tashkilotlariga qo‘shimcha texnik vositalar topshirildi.

Abonentlarga ko‘rsatiladigan sanitar tozalash xizmati sifatini hamda qamrov darajasini oshirish, sohadagi mas’ul korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining o‘z mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha zamonaviy chiqindi tashuvchi maxsus texnikalarni topshirish marosimida qatnashgan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev kelgusida amalga oshiriladigan ishlarning sifatli va samarali kechishida texnik vositalarning o‘rni muhim ekanligini ta’kidladi.

[gallery-24374]

– Yetti yil muddatga imtiyozli lizing shartlari asosida Urgut, Pastdarg‘om, Jomboy va Tayloq tumanlari uchun 8 m3 hajmdagi 5 ta “ISUZU” rusumli chiqindi tashuvchi maxsus texnikalar “Toza hudud” davlat korxonasiga topshirildi, – deydi Samarqand viloyati chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Payshanov. – Shuningdek, tizimda davlat-xususiy sherikchilik asosida faoliyat yuritayotgan Payariq tumanidagi “Shohimardon Asqarov” oilaviy korxonasiga ham xuddi shunday ikkita chiqindi tashuvchi maxsus texnika ajratildi. Bundan tashqari, Samarqand shahrining eski shahar hududida joylashgan xonadonlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, tarixiy obidalarga shikast yetkazishning oldini olish maqsadida ushbu hududdagi 73 mahallaga bir donadan maxsus chiqindi tashish motorollerlari berilmoqda. Ular yordamida mahalla hududidagi chiqindilar belgilangan mobil chiqindi konteynerlariga yig‘iladi. Keyin maxsus texnikalarda chiqindixonalarga olib ketiladi. Keyinchalik bu jarayon shahardagi barcha mahallalarga joriy qilinishi ko‘zda tutilgan.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari