Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish davr talabi
13:13 / 2021-08-18

Xizmat ko‘rsatish sohasi bugun butun dunyoda eng serdaromad tarmoq hisoblanadi.

Mamlakatimizda ham ushbu yo‘nalishni yanada rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda mazkur yo‘nalishda tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan tashabbuskorlarni kredit mablag‘lari bilan ta’minlashda moliya muassasalari muhim o‘rin tutmoqda.  

Buni Qashqadaryo viloyati misolida ham ko‘rish mumkin.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda yalpi hududiy mahsulotni keyingi 4 yildagi o‘zgarishini tahlil qiladigan bo‘lsak, masalan 2017 yildagi ko‘rsatkichlarni 2020 yil bilan taqqoslanganda xizmatlar ulushi 26 foizdan, 31,2 foizga, xizmatlar hajmi 5,8 trillion so‘mdan, 10,1 trillion so‘mga o‘sganligini ijobiy baholash mumkin.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 6,9 trillion so‘m (107,2 foiz) ga bajarilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,1 trillion so‘mga oshgan.  

Ushbu ko‘rsatkichlarni sohalar kesimida tahlil qilganimizda eng yuqori o‘sish sur’atlari me’morchilik, muhandislik ishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasida 38,2 foiz, ta’lim xizmati 27,6 foiz moliyaviy xizmatlar 27,3 foiz, aloqa va axborotlashtirishda 12,9 foiz va  ijara xizmati 14,4 foiz hisobiga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari ushbu yillarda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida jami qiymati 372,8 milliard so‘mlik 141 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu loyihalar hisobiga 1 ming 379 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Masalan, Koson tumanidagi “Ko‘zmunchog‘im” nodavlat ta’lim muassasasi tomonidan jami qiymati 1,5 milliard so‘m (o‘z mablag‘i 500 million so‘m, bank krediti 1 milliard so‘m) bo‘lgan xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilib, 13 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Qarshi tumanida “Ruslan Gaz sifat servis” MCHJ jami qiymati 9 milliard so‘m (o‘z mablag‘i 2,5 milliard so‘m, bank krediti 6,5 milliard so‘m) hisobiga xususiy davolash markazini tashkil etib, 25 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan. Kitob tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Omad xamrox biznes” oilaviy korxonasi jami qiymati 3 milliard so‘m (o‘z mablag‘i 2 milliard so‘m, bank krediti 1 milliard so‘m) hisobiga maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksini (to‘yxona, bolalar sporti maydonchasi, savdo va go‘zallik saloni va sartaroshxona) tashkil etish orqali 20 ta ish o‘rni yaratildi.

Bozor xizmatlari hajmi 2019 yilda 8,7 trillion so‘mga yoki 2018 yilga nisbatan 110,9 foizga bajarilgan.

Ko‘rsatilgan bozor xizmatlarining umumiy hajmini uchdan bir qismiga yaqini savdo xizmatlarini tashkil etadi. 2019 yilning yanvar-dekabr oylarida uning ulushi 32,8 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, eng yuqori ulushlarni transport xizmati 22,8 foiz, moliyaviy xizmatlar 13,7 foiz, aloqa va axboratlashtirish xizmatlari 5 foizni tashkil etadi.    

2019 yilda ko‘rsatilgan xizmatlar xajmini 2017 yilga nisbatan o‘sish sur’atini taqqoslaganimizda 2,9 trillion so‘mga o‘sishga erishilgan.  

Aholining xizmat ko‘rsatish sohasiga bo‘lgan talabi yildan-yilga ortib bormoqda, shuning hisobiga 2019 yilda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida jami qiymati 863,8 milliard so‘mlik 437 ta loyiha amalga oshirilib, 2 ming 975 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Misol uchun Kitob tumanida “Gissar asia Tour” MCHJ tomonidan jami loyiha kiymati 3,4 milliard so‘m (o‘z mablag‘i 1,4 mlrd.so‘m, bank krediti 1,9 mlrd.so‘m) hisobiga mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmati tashkil etilib, 20 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etgan. Qamashi tumanida “KINDER CENTR” NMTM tomonidan jami qiymati 2,3 milliard so‘m (o‘z mablag‘i 640 mln.so‘m, bank krediti 1,7 mlrd.so‘m) hisobiga xususiy maktabgacha ta’lim muasassasini tashkil etib, 20 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

– Mehmonxona biznesi bo‘yicha uzoq yillik tajribaga egamiz, - deydi “Dubay Sarbon Yeksellent Rest” MCHJ rahbari Shahboz Abdullayev. – Shu bois “Mehmonxona tashkil etish” loyihamizga ikkilanmasdan qo‘l o‘rdik. Loyihaning umumiy qiymati 11 milliard 350 million so‘m bo‘lib, shundan 2 milliard so‘mi bank krediti. Ushbu uch yulduzli mehmonxonamizni mustaqillikning 30 yilligi oldidan foydalanishga topshirishni rejalashtiryapmiz. Loyihani amaliyotga tatbiq etish natijasida 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Maqsadviloyatimizda turizm sohasini rivojlatirishga hissa qo‘shish, sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratishdir.

Amalga oshirilgan loyihalarning 2 yilligini tahlil qilganimizda loyiha soni 296 taga, yangi ish o‘rinlari esa 1 ming 596 ta ko‘p yaratilgan.

Viloyatda 2020 yilning yanvar-dekabr oylarida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 10,1 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,9 foizga o‘sgan. Aholi jon boshiga 3056,4 ming so‘mni tashkil etgan.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 16 iyundagi “Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi uchun viloyatga ajratilgan 100,1 milliard so‘m kredit resurslari doirasida 179,5 milliard so‘mlik 205 ta loyihalar paketi shakllantirildi.

Jumladan, bugungi kunda 60-70 foiz qurilish ishlarini bajarib, bitkazishga qiynalib turgan tadbirkorlar bilan gaplashildi va 57,6 milliard so‘mlik 69 ta maishiy xizmat ko‘rsatish komplekslari (ximchistka, go‘zallik saloni, sartaroshxona, tikuvchilik va dizayner, poyabzal ta’mirlash hamda kompyuter xizmatlari joylashgan) tashkil etildi. Asosan halqaro ahamiyatdagi va viloyatlararo avtomobil yo‘l yoqalarida 35,1 milliard so‘mlik 46 ta, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shaxobchalari (bular ham asosan qurilishi bitmay qolgan tadbirkorlar) foydalanishga topshirildi. Turizm xizmatini va sifatini yaxshilash bo‘yicha 15 ta mehmonxonalarni jihozlashga 14,6 milliard so‘mlik, yangi qurilayotgan 30 ta tibbiy klinikalarga uskuna olib berishga 30,1 millard so‘mlik, 17 ta o‘quv markazi va xususiy bog‘chalarni jihozlashga 16,9 milliard so‘mlik, dam olish va sport sog‘lomlashtirish yo‘nalishida 17,6 milliard so‘mlik 19 ta, axborot – kommunikatsiya va poligrafiya xizmatini tashkil etish bo‘yicha 7,5 milliard so‘mlik 9 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada 1456 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

[gallery-3467]

Jumladan, Qarshi shahridagi “Faxriddin” XKga tegishli 90 o‘rinli “Buyuk karvon” va “ERIS COMFORT” MCHJga tegishli  32 o‘rinli “SEVINCH” mehmonxonalari ishga tushirildi. “Odina” masjidi va “Langar ota”  ziyoratgohi rekonstruksiya qilindi. Qarshi  tumanidagi “Abu  Muin Nasafiy” majmuasi to‘liq rekonstruksiya qilindi. Qarshi  xalqaro  aeroporti charter reyslarni qabul qilishni boshladi. Barcha  turdagi  tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan “Murod Med Star” va “NEO-MED” xususiy korxonalari ishga tushirildi. Qamashi tumani M-39 xalqaro magistralida loyiha qiymati 6 milliard so‘mlik 14 o‘rinli “Arsh” mehmonxona kompleksi va yo‘l bo‘yi infratuzilma ob’ektlari foydalanishga topshirildi.  

– “Avtokemping, mehmonxona, restoran tashkil etish” loyihamizning asosiy maqsadi yuk mashina haydovchilariga va viloyat aholisiga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan, – deydi “Nurbek Avtotrans” MCHJ rahbari Nurbek Salimjonov. – Loyihamizning umumiy qiymati 10 milliard so‘m. Ushbu loyihaga viloyatda birinchilardan bo‘lib qo‘l o‘rdik. 20 ta ish o‘rni yaratildi. Tashkilotimiz M39 avtomagistral yo‘lida joylashgan bo‘lib, yuk avtomobillariga texnik xizmat ko‘rsatishdan tortib, haydovchilarning ovqatlanishi, dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Maqsad xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash.

2021 yilning yakuni bo‘yicha  xizmatlar hajmining prognoz ko‘rsatkichi 12 trillion 450 milliard 200 million so‘mga ya’ni 11,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Xususan, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi loyihalar xisobiga joriy yilda jami qiymati 1035,1 milliard so‘mlik (o‘z mablag‘i 535,1 mlrd.so‘m, bank krediti 500 mlrd.so‘m) 617 ta loyihalar amalga oshirilib, 3 ming 141 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shundan Chiroqchida 51 ta, Kasbida 24 ta, Qamashida 26 ta, Shahrisabzda 32 ta Yakkabog‘da 32 ta, Qarshi tumanida 32 ta, Mirishkorda 25 ta, Dehkonobodda 33 ta, Kitobda 40 ta, G‘uzorda 34 ta, Kosonda 57 ta,  Qarshi shaharda 132 ta,  Muborakda 20 ta, Nishonda 44 ta va Shahrisabz shaharda 35 ta loyiha amalga oshirilishi mo‘ljallanmoqda.    

Ushbu loyihalarni sohalar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak maishiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida jami 288,1 milliard so‘mlik 174 ta loyiha amalga oshirilib, 888 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, transport sohasida jami 177 ta loyihaga 248,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 749 ta ish o‘rni yaratiladi, ta’lim yo‘nalishida jami 55,6 milliard so‘mlik yaratiladigan yangi ish o‘rni 228 ta hamda sport va sog‘lomlashtirish yo‘nalishida  33 ta loyihaga jami loyiha qiymati 60,1 milliard so‘mlik yaratiladigan yangi ish o‘rni 170 tani tashkil etadi.  

– Anchadan buyon xususiy klinika ochishni rejalashtirib yurardik, – deydi “MEDICAL NEYRON SERVIS” MCHJ rahbari G‘ayrat Jo‘rayev. – Yetarlicha mag‘lag‘ yig‘ilgach ishni boshladik. Tijorat banklari ham qo‘llab quvvatlashdi. Loyihaning umumiy qiymati 12 milliard so‘mni tashkil etib, shundan 1 milliard so‘mi bank kreditidir. 30 ta yangi ish o‘rni yaratdik. Klinikamizda asosan nevrologiya bo‘yicha tekshirish va davolash ishlari olib boriladi. Ayni paytda shahar aholisiga xizmat qilib kelyapmiz. Kelgusida ushbu yo‘nalishdagi ishlarimizni yanada takomillashtirishni maqsad qilganmiz.

Hozirgi kunda viloyatda 2021-2022 yilarda xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha xududiy dastur ishlab chiqilib  unda xizmatlar sohasini 2 yil davomida 1,5 martaga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi. Xususan Qarshi shahar “Nasaf”, Shaxrisabz shahrining Ipak yo‘li ko‘chalari, savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar (Shopping Street) tashkil etish uchun tanlab olindi.

Bundan tashqari 1 ming 650 ta yengil konstruksiyali (konteynerlar bazasida) xizmat ko‘rsatish va savdo nuqtalari tashkil etiladi.

Jumladan, Qarshi shaharda 200 ta, Chiroqchida 170 ta, Qarshi tumanida 150 ta, Kosonda 130 ta,  Kasbi, Qamashi, Shahrisabz, Yakkabog‘, Mirishkor, Kitob, G‘uzor, Muborak tumanlarida 100 tadan, Nishonda 80 ta Dehkonobodda 70 ta hamda Shahrisabz shaharda 50 tadan zamonaviy xizmat ko‘rsatish  shahobchalari tashkil qilinmoqda.

Hozirgi kunda viloyat hududidan o‘tuvchi M-39 (“Almati-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz” avtomobil yo‘lining 1135-1350 km), A-378 (“Samarkand-G‘uzor” avtomobil yo‘lining 57-152 km), A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynau” 0-150 km) yo‘llari bo‘yida xizmat ko‘rsatish infratuzilma ob’ektlarini joylashtirish rejalashtirilgan.  

Bunda, 2021 yil davomida 22,7 gektar maydonda 162 ta bo‘sh yer konturlari auksion savdolariga xizmatlar sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘yiladi. Shundan Shahrisabzda 12 ta (2,2 gektar), Kitobda  

9 ta (2,0 gektar), Chiroqchida 33 ta (0,2 gektar), G‘uzorda 22 ta  (0,5 gektar), Qamashida 6 ta (0.2 gektar), Kosonda 6 ta (0,4 gektar), Yakkabog‘da 25 ta (0,9 gektar), Dehqonobodda 49 ta (16,3 gektar) xizmat ko‘rsatish va turizm sohasidagi kompleks majmualar tashkil etiladi.  

Viloyatning xususiyati, ya’ni yuqori turizm salohiyatidan kelib chiqib, ushbu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratiladi. Viloyatda yo‘l bo‘yi infratuzilmasi va turizmni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratilgan 200 milliard so‘m (restavratsiyaga 118,5 mlrd.so‘m, yo‘l infratuzilmasiga 39,5 mlrd.so‘m, oqova suvga 24,5 mlrd.so‘m, elektr tarmog‘iga 5,5 mlrd.so‘m, telekom tarmog‘iga 5,2 mlrd.so‘m, ichimlik suviga 4,0 mlrd.so‘m va uy mehmonxonalari subsidiyasi uchun 2 mlrd.so‘m) ajratilishi belgilab olindi.  

Bularning natijasida 2021 yil davomida mahalliy va xorijiy sayyohlarning tashrif buyurishlari sezilarli darajada oshadi.

Bundan tashqari viloyatning ba’zi hududlarida tabiiy ma’danli issiq suv quduqlari mavjud, Koson tumanida 6 ta (maydayobu, qorabayir, uyrot, xo‘jaquduq, Abdulla Nabiyev va jarqum xududi), Dehqonobod tumanida 1 ta (Xo‘jaipok ota ziyoratgohi) va Muborak tumani Yoshlik MFY hududida  1 ta,  ushbu qududlar atrofidan sanatoriya-kurort dam olish xizmatlari tashkil qilinmoqda.

Yuqorida belgilangan reja ko‘rsatkichlar bo‘yicha hududlarda ishlar samarali tashkil qilingan bo‘lib, ushbu ishlarni amalga oshirish hisobiga xizmatlar hajmining prognoz ko‘rsatkichlari va aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlar xajmining oshishiga erishiladi.

 

O‘lmas Barotov,  

Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA

 

Reklama huquqi asosida