Qishning qirovli kunlari eshik qoqishi bilan odamlarning davlat xizmatlaridan uydan turib foydalanish imkoniyatlari mavjudligi murojaat etuvchining turli ovoragarchiligiga barham beradi. Noqulay ob-havo sharoitiga qaramay Davlat xizmatlari agentligi xodimlari joylarga borib, sayyor va ekspress-xizmat ko‘rsatishlari aholiga qulaylik yaratmoqda.
Fuqarolar tomonidan farzandini maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish, kadastr pasportini shakklantirish, sudlanganlik yoki sudlanmaganlik haqida ma’lumot olish va shunga o‘xshash davlat xizmatlari ekspress tarzida ham ko‘rsatiladi. Ushbu xizmat turi Prezidentimizning 2019 yil 15 fevraldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida”gi qarori asosida tashkil etiladi.

– Ekspress xizmat turlariga maxsus blanka rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlat xizmatlari, hujjatlarni qabul qilish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish natijasiga ko‘ra tayyorlangan hujjatlarni murojaat etuvchi ko‘rsatgan manzilga yetkazib berish kabilar kiradi. Murojaat etuvchi ekspress-xizmatdan barcha shaklda foydalanishi yoki ulardan birini tanlashi mumkin. Bu haqida markaz xodimi xizmatdan foydalanayotgan paytda ma’lumot berib o‘tadi, – deydi Norin tumani Davlat xizmatlari markazi direktori Ilyosbek Pardaboyev.
Norin tumanida ish boshlagan “Norin globex avto-trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati davlat xizmatlaridan ko‘p foydalanadi. Mazkur ko‘p tarmoqli korxonada transport xizmati, 20 o‘rinli mehmonxona va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun 500 tonna sig‘imdagi muzlatgich tashkil etish rejalashtirilgan. Hozirda qurilish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Tadbirkor Komiljon Sattorov bu gal yangi qurilgan bino inshootlarni kadastr pasportini shakllantirish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilgan. Uning arizasi qabul qilinib, natijasi ekspress-xizmat tarzida yetkazilishi tushuntirilganda, tadbirkor yaratilgan imkoniyatdan foydalandi. Kadastr pasporti tayyor bo‘lgach, markaz xodimlari tomonidan aytilgan manzilga yetkazildi.

Markazda ko‘rsatilayotgan xizmatlarning deyarli barchasini masofadan turib ham amalga oshirish imkoni mavjud. Bu markazga kelish uchun vaqt topa olmayotgan fuqarolar uchun ayni muddaodir. Ana shunday fuqarolardan biri Husniddin Alijonovdir. U tuman xalq bankida faoliyat olib boradi, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun doimo vaqt topavermaydi. Shu sababli ekspress-xizmatdan foydalandi. Murojaat markaz xodimlari tomonidan qanoatlantirildi va natijasi o‘zi ishlayotgan joyga yetkazib berildi.
Darvoqe, ekspress-xizmatlar nogironligi bo‘lgan shaxslar va borish qiyin bo‘lgan tumanlar aholisiga Davlat xizmatlari agentligining hududiy boshqarmasi tomonidan belgilangan jadvalga asosan bepul ko‘rsatiladi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish natijasiga ko‘ra, tayyorlangan hujjatlarni murojaat etuvchi ko‘rsatgan manzilga yetkazib berish murojaat etuvchining ixtiyoriy tanloviga asosan tezkor va boshqa pochta xizmatlari orqali ham amalga oshirish mumkin.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA