Xorazm viloyatidagi sanitar tozalik bilan shug‘ullanuvchi to‘rtta korxonada 274 ta maxsus texnikalar mavjud. Ularning soni yana ko‘paydi.
Urganch shahri va Urganch tumanlarini sanitar tozalash va aholi punktlaridan chiqindilarni olib chiqib ketish uchun 9 ta "Isuzu" chiqindi yig‘ish mashinalari topshirildi. Yangi texnikalarning topshirilishi mazkur hududlarda chiqindilarni olib ketish qamrovini oshiradi hamda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.
[gallery-24344]
–Yashayotgan mahalla obodligi uchun nafaqat mahalla mas’ullari, balki barcha aholi teng mas’uldir, – deydi fuqaro Suhbat Matkarimov. – Hamma fuqarolar chiqindilarni tashlashda juda e’tiborli bo‘lishi lozim. Ularning turiga qarab alohida, alohida qilib to‘plab tashlash kerak. Shunda uyimiz ham, ko‘chamiz ham ozoda bo‘ladi. Zero, obod va fayzli yurtda yashamoqqa nima yetsin.
Foydalanishga topshirilgan texnikalarning har biri kuniga 11 tonna chiqindini yig‘ib olish quvvatiga ega. Bu Urganch shahri va tumani obodligi va ozodaligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (Surat), O‘zA muxbirlari