French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xizmat ko‘rsatish: "ICEBERG" markazi faoliyatidan aholi juda mamnun
16:45 / 2022-01-21

Mamlakatimizda keyingi yillarda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va turini kengaytirish uchun yaratilayotgan qulay sharoit tadbirkorlarda yangi turdagi xizmat ko‘rsatish nuqtalarini barpo etib, sohani tubdan rivojlantirishida muhim omil bo‘lmoqda. Shunga muvofiq Surxondaryo viloyatida ham aholiga zamonaviy xizmatlar ko‘rsatadigan inshootlar qurilib, yangi-yangi xizmat ko‘rsatish turlaliri yo‘lga qo‘yilmoqda.

Surxondaryo viloyatida o‘tgan yili aholiga 10,4 trillion so‘mlik turli xizmat ko‘rsatilib, sohaning o‘sish surati 120,1 foizni tashkil etdi. Termiz shahrida bu ko‘rsatkich 2 trillion 741 milliard so‘mga yetdi.  

Termiz shahrida ish boshlagan sun’iy qoplamali muz maydoniga ega "ICEBERG" ko‘ngilochar markazi aholining sevimli dam olish maskaniga aylangan. Zamonaviy usulda bunyod etilgan muhtasham majmuada oilaviy yoki do‘stlar bilan maroqli dam olish, savdo, umumiy ovqatlanish, bank va boshqa xizmatlardan foydalanish uchun barcha sharoit yaratilgan. 

“Termiz tezkor qurilish” ixtisoslashgan ta’mirlash-qurilish tashkiloti tomonidan barpo etgan markazdagi supermarket, bank shaxobchasi, ellikdan ortiq savdo do‘koni, bolalar o‘yingohi, restoran, Fast-fud ovqatlanish shoxobchasi, figurali uchish va xokkey o‘ynashga mo‘ljallangan sun’iy qoplamali muz maydoni aholi xizmatida. 

– Ko‘ngilochar markazda 200 kishi mehnat qilmoqda, – deydi "ICEBERG" mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Nuriddin Norqulov. – Ularning aksariyati navqiron yigit-qizlardir. Supermarket, restoran hamda nooziq-ovqat do‘konlarimiz xizmatidan aholi juda mamnun. O‘ttizdan ortiq turli hajm va ko‘rinishdagi zamonaviy o‘yinchoq o‘rnatilgan attraksion nafaqat o‘g‘il-qizlar balki, ota-onalarning ham eng sevimli maskanidan biriga aylandi. Sun’iy qoplamali muz maydonimiz yoshlar bilan doimo gavjum. Bolajonlarning qiziqishini e’tiborga olib figurali uchish bo‘yicha to‘garak ham tashkil etildi. Mahalliy va chetdan kelgan mehmonlar tijorat banki xizmatidan foydalanmoqda. Biz mijozlarga sifatli va arzon xizmatlar ko‘rsatishni maqsad qilganmiz. Faoliyat boshlagan ilk yilimizni yaxshi yakunladik. Eng muhimi ayni paytda muhtasham inshootda ko‘rsatilayotgan xizmatlar aholiga manzur bo‘lmoqda.  

–Yaqin yillarda ham shahrimizda shunday salobatli, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatadigan sun’iy qoplamali muz maydoniga ega binolar barpo etilishini hayolimizga keltirolmas edik, – deydi termizlik Sh. Ibragimov.  – Yuksak did bilan bunyod etilgan inshoot endilikda eng sevimli maskanlarimizdan biriga aylandi. Supermarketdan istagan mahsulotingizni topishingiz, muz maydonida o‘ynayotgan bolajonlarning quvonchiga sherik bo‘lishingiz yoki yaqinlaringiz bilan kelib restoranda bir piyola choy ustida miriqib suhbat qurishingiz mumkin. Bu yerda goho xorijdan kelgan mehmonlarning aylanib yurganini, xizmatlardan foydalanayotganini ko‘rib, gapning rosti faxrlanib ketaman. Axir, mana bizda ham chet ellardagidek ko‘p qirrali xizmat ko‘rsatish inshootlarini barpo etsa bo‘lar ekanku. Bularning barchasi xalqimizning ishdan bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazish va aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir. 

[gallery-5518]

– Ko‘ngilochar markaz juda did bilan qurilgan, – deydi termizlik yana bir mijoz Dildora Nurmatova. – Haqiqatan ham oilaviy kelib dam olishga arziydi. Bu yerga kelsam qandaydir charchoqlarni unutgandek bo‘laman. Shuning uchun ham har hafta qizalog‘im bilan kelib, uning zamonaviy attraksionlarda turli o‘yinlar o‘ynashini miriqib kuzataman. Bu o‘yinlar farzandlarimizning aqliy rivojlanishida ham o‘ziga xos o‘rin tutadi.  

Joriy yilda Termiz shahrida qiymati 447,5 milliard so‘mlik 35 ta yangi xizmat ko‘rsatish loyihalari ishga tushirilib, aholiga turli xizmatlar ko‘rsatish hajmini 3 trillion 649,6 milliard so‘mga, aholiga jon boshiga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini 19 million 371 ming so‘mga yetkazish mo‘ljallanmoqda.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA