Xizmat ko‘rsatish tizimi takomillashmoqda
Prezidentimiz rahnamoligida barcha sohalar qatori turizmni rivojlantirish, yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi sayyohlik marshrutlari ishlab chiqilib, mehmonxona va dam olish maskanlarida zarur sharoitlar yaratilayotir.
Prezidentimiz rahnamoligida barcha sohalar qatori turizmni rivojlantirish, yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi sayyohlik marshrutlari ishlab chiqilib, mehmonxona va dam olish maskanlarida zarur sharoitlar yaratilayotir.Mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik, zamonaviy infratuzilma, mehmonxona va dam olish maskanlarida yo‘lga qo‘yilgan yuqori sifatli xizmatlar yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar ko‘payishida muhim omil bo‘lmoqda.
Namangan viloyatida 25-yil oldin atigi ikkita mehmonxona faoliyat ko‘rsatgan. Mustaqillik yillarida xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilgan alohida e’tibor zamonaviy mehmonxonalar tizimi shakllanishi va rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Tadbirkorlar tomonidan xususiy mehmonxonalar qurildi. Bozor iqtisodiyoti munosabatlariga xos ijobiy raqobat mehmonxonalar tizimi, ularda servis xizmati ko‘rsatish tamoyillarining takomillashib borishida muhim omil bo‘ldi.
Ayni paytda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 20 mehmonxonaning 4 tasi maqomiga ko‘ra dam olish va sayyohlik maskani hisoblanadi. Namangan shahridagi xalqaro tasnifning 3 yulduzli guruhiga kiritilgan “S-Namangan”, “Turkiston”, “Istiqlol”, “Buyuk ipak yo‘li” mehmonxonalari viloyatga tashrif buyurayotgan mehmonlar, jumladan, xorijiy sayyohlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatayotir.
Viloyat markazidagi “Orzu”, “Chorsu”, “Do‘stlik”, “Pahlavon”, “Davr” kabi mehmonxonalarda ham zamonaviy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit mavjud.
Qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosi doirasida viloyat tumanlarida ham mehmonxonalar qurilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Pop tumani markazida faoliyat ko‘rsatayotgan “Ramz”, tog‘lar orasida joylashgan Chodak qishlog‘ida barpo etilgan “Chodak palas”, Chust tumanidagi “Vodiy”, Uychi tumanidagi “Uychi” mehmonxonalari sayyoh va mehmonlarga namunali xizmat ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda ekoturizmning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan tabiat quchog‘ida madaniy dam olishni tashkil qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Tog‘li tumanlarda faoliyat yuritayotgan bir qator dam olish maskanlari mehmonxonalar tizimida o‘ziga xos o‘rin tutmoqda. Jumladan, Chortoq tumanidagi “Chortoq Izzat oromgohi” sihatgohi, Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay qishlog‘idagi “Ko‘ksaroy sayyoh” sayyohlik bazasi, “Mashinasoz”, Mingbuloq tumanidagi “Sho‘rsuv” dam olish maskanlari mavsumda kuniga 500 dan ziyod mehmonning ko‘ngilli hordiq chiqarishiga xizmat qilmoqda.
“Chortoq”, “Kosonsoy”, “Shahand”, “Nihol”, “Gulshan” sihatgohlarida aholi dam olish bilan birga, salomatligini tiklashi uchun barcha sharoit mavjud.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mehmonxonalar tizimini rivojlantirishning yangi istiqbollarini belgilab berdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Namangan viloyati hududiy bo‘limi vakili Hoshim G‘aybullayev. – Ushbu hujjat ijrosini ta’minlash yuzasidan qabul qilingan 2016-2017-yillarda Namangan viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturiga muvofiq viloyatda yana 5 mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan. Dasturga ko‘ra, Namangan shahrida “Diyor” va “Medikservis” mehmonxonalari barpo etildi. “Boburshoh” mehmonxonasining qurilishi davom ettirilmoqda.
Ayni paytda mehmonxonalar uchun malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish masalasi ham doimiy e’tiborda. Mavjud mehmonxonalarning qavat bekalari, adminstratorlari, menejerlari respublika o‘quv konsalting markazi kurslarida qayta tayyorlanmoqda. Namangan shahridagi qurilish va dizayn, 2-maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejlarida shu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlaydigan bo‘limlar ochildi.
Prezidentimizning yuqoridagi farmonidan kelib chiqib qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida mehmonxonalar tizimini rivojlantirish uchun qator imtiyozlar belgilangan. Jumladan, litsenziya o‘rniga muvofiqlik sertifikati olish, 4 yulduzli mehmonxona qurgan tadbirkorlik subyektiga 5-yilgacha soliq imtiyozi berildi. Bu iqtisod qilingan mablag‘ni mehmonxonani zamonaviy jihozlashga yo‘naltirish imkonini kengaytiradi. Bunday chora-tadbirlar jahon standartlari talabiga mos mehmonxonalar ko‘payishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.