English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xizmat ko‘rsatish sifati yuksalmoqda
10:59 / 2017-03-24

Farg‘ona viloyatida ham xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2016-yilda viloyatda tashkil etilgan 1 ming 156 xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchasining aksariyati qishloqlarda joylashgan.

Farg‘ona viloyatida ham xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2016-yilda viloyatda tashkil etilgan 1 ming 156 xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchasining aksariyati qishloqlarda joylashgan.

Xizmat ko‘rsatish sohasining rivoji aholi turmush farovonligini yuksaltirish va kundalik ehtiyojini qondirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugun nafaqat sartaroshxona yoki televizor tuzatish ustaxonasi, balki zamonaviy aloqa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mehmonxona, restoran va boshqa ko‘plab xizmatlar ko‘lami ham kengaymoqda. So‘nggi besh yilda viloyat tumanlarida ko‘plab "Go‘zallik salonlari" bunyod etildi. Namunaviy loyihalar asosidagi qishloq massivlarida yangi xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ishga tushirildi.

– Biz uch yo‘nalishda servis xizmatini yo‘lga qo‘ydik, – deydi Farg‘ona shahridagi “Sun servise” oilaviy korxonasi rahbari Nilufarxon Qosimova. – Xizmatlarning asosiy turlari professional darajada video hamda foto mahsulotlari tayyorlash, poligrafiya xizmati, turli bayram tadbirlari tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq. Bankning imtiyozli krediti faoliyatimiz rivojida muhim ahamiyat kasb etayotir.

Viloyatda yuridik, konsalting, mehmonxona, internet xizmatlari, sug‘urta, moliya-bank sohasidagi yangi va zamonaviy xizmat turlari ko‘paymoqda. Bu sohada raqobat muhitining shakllanishi aholining arzon va sifatli xizmat turlaridan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirmoqda.

Qo‘qon shahrida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturi asosida ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotir. Muhtasham inshootlar qad rostladi, yo‘llar va shahar ichidagi shohko‘chalar kengaytirilib, ularning ikki chetida xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari tashkil etildi. Masalan, tadbirkor Dilshod Qoraboyev fitnes va bodibilding yo‘nalishida markaz tashkil etdi. Mazkur sport maskaniga, ayniqsa, uyushmagan yoshlar ko‘p jalb etilgan.

Qo‘qon shahrida joriy yilda xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalarini shakllantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, yo‘lovchi tashish va jamoat transporti sohasini rivojlantirish manzilli dasturi asosida 213 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu 774 yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Viloyatda mazkur soha ko‘lami faqat ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi bilan emas, balki turi ko‘payib borayotgani bilan ham e’tiborlidir. Jumladan, o‘tgan yili axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, turizm kabi sohalarda 12 turdagi yangi xizmatlar joriy etildi. Buning natijasida viloyatda 2016-yilda aholiga pullik xizmat ko‘rsatish salmog‘i 46,1 foizdan 55,9 foizga yetdi. Joriy yilda ham viloyat miqyosida axborot-konsalting, brokerlik va dillerlik, buxgalterlik hisobi, auditorlik kabi zamonaviy xizmat turlari servis tizimining ajralmas qismiga aylanadi.