“Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida favqulodda vaziyatlar xodimlari o‘rtasida profilaktik tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Avazbek Ibragimov ishtirok etib, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlash, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, shuningdek, xizmat kiyimini kiyish madaniyati, yurish-turish va odob-axloq me’yorlariga qat’iy rioya etish masalalari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berdi.

Ushbu tadbirning asosiy mavzusi sifatida Prezidentimizning 2025 yil 25 oktyabrdagi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek 2025 yil 20 oktyabrdagi “Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun va mohiyati shaxsiy tarkibga yetkazildi. Ular ijrosini ta’minlashning ahamiyati haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ishtirokchilarga qonunlarga hurmat bilan yondashish, xizmat burchini vijdonan bajarish, jamoa ichida ahillik va birdamlikni mustahkamlash, shuningdek, halollik va poklik tamoyillariga sodiq qolish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida harbiy xizmatchilar bilan profilaktik va yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazilib, xizmat intizomi, axloqiy me’yorlarga qat’iy rioya etish, har bir xodimning kasbiy burchini halol va mas’uliyat bilan bajarishi, fuqarolarga namunali munosabatda va muloyim muomalada bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Suhbatlar chog‘ida korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasiz bo‘lish, bunday salbiy holatlarning oldini olishda jamoaviy mas’uliyatni oshirish muhimligi ham alohida qayd etildi.
A. Qayumov, O‘zA muxbiri