Vatanimiz mustaqilligi bayrami bu yil “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” bosh g‘oyasi ostida keng nishonlanmoqda.
Milliy istiqlolimizning maqsadi – insonga e’tibor, uning qadrini, mehnatini ulug‘lash, olijanob xalqimizning izzat-hurmatini joyiga qo‘yishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Milliy gvardiya markaziy devonida bo‘lib o‘tgan tadbirda shu haqda so‘z yuritildi.

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan barcha soha vakillari qatori harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoni bilan 9 nafar milliy gvardiyachi munosib taqdirlangani qayd etildi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev barcha shaxsiy tarkibni bayram bilan tabriklab, samimiy tilaklarini bildirdi.

Yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashdek mas’uliyatli hamda sharafli burchini bajarish chog‘ida mardlik, jasorat va fidoyilik ko‘rsatgani bir guruh xodimlarga yuksak davlat mukofotlari topshirildi.
“Shuhrat” medali sohibi bo‘lgan Milliy gvardiya markaziy devoni katta ofitseri Barno Ashirmatovaga davlat mukofoti Davlatimiz rahbari tomonidan topshirilgani Milliy gvardiya faoliyatiga bo‘lgan yuksak ishonch va e’tiborning yorqin ifodasi ekanligi va bu butun tizim shaxsiy tarkibi uchun katta sharafligi ta’kidlab o‘tildi.
Mustaqillik kuni munosabati bilan Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘iga asosan xizmatda yuqori natijalarga erishgan 6 nafar rahbar xodimga “polkovnik” harbiy hamda maxsus unvoni hamda 400 nafardan ortiq gvardiyachiga idoraviy ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alari topshirildi.
N.Abduraimova, O‘zA