Xizmat avtomashinasi topshirildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan hududiy jamiyatlar faoliyatini rag‘batlantirish, ularning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, shuningdek, iste’molchilarga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shu maqsadda, Federatsiya tomonidan 2025 yilda yuksak amaliy natijalarga erishgani, aholi murojaatlari bilan ishlashda yuqori samaradorlik ko‘rsatgani hamda faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘ygani uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga xizmat avtomashinasi topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Federatsiya rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy birlashmasi va mahalliy jamiyat faollari ishtirok etishdi. Jamiyat raisiga avtomashina kaliti tantanali ravishda topshirilib, jamiyatning kelgusi faoliyatida yanada yuqori natijalarga erishishiga ishonch bildirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri