Ajdodlarimiz halol rizqda baraka bo‘lishini chuqur anglagani uchun ham halol mehnatni ulug‘lashgan. Halollikda hikmat ko‘pligi bilan bog‘liq yuzlab xalq maqollarini topish mumkin.
Ammo, bugungi kunda xalqimiz orasida tezroq boyib ketish vasvasasidagi odamlar borki, ular asrlar sinovidan o‘tgan fazilatlarni unutib qo‘ymoqda. Halol mehnat qilishdan ko‘ra o‘g‘rilikni, firibgarlikni kasb qilib olayotganlar, ming afsuski, kam emas.

– Ko‘rilayotgan sud ishlarida o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlari keyingi paytda ko‘payib borayotganini tahlillar ko‘rsatmoqda, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi sudyasi Zafar Latipov. – Bu yoshlar orasida mavjudligi juda achinarli. Hali katta hayot ostonasida turgan ayrim yoshlar umr mazmunini biror kasbga bag‘ishlash, kasb-hunari bilan el-yurtga naf keltirishdan ko‘ra, o‘zgalar haqiga ko‘z olaytirishi tez-tez uchrab turibdi. Masalan, yunusobodlik yoshgina kelin “1xbet” ilovasi orqali o‘yin o‘ynab, boyib ketish, alohida uy sotib olishni reja qiladi. Shu tariqa u o‘yinga berilib ketib, turmush o‘rtog‘i, qaynonasi, qaynukasiga tegishli pullar va boshqa qimmatbaho buyumlarni o‘z uyidan o‘g‘irlaydi.
Ushbu ishga oid ochiq sud majlisi Yunusobod tumani “Anorzor” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida bo‘lib o‘tdi. Sudya Z.Latipov raislik qilgan sud majlisida Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayblangan, 1997 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, bir nafar voyaga yetmagan farzandi bor ayol I.M.ning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sudda aniqlanishicha, ayol o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishda ifodalangan jinoyatni sodir etgan.
Xususan, I.M. oldindan tuzilgan jinoiy reja asosida harakat qilgan. Avval qaynukasiga tegishli bo‘lgan 4 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritgan. Jinoiy harakatlarini davom ettirib, qaynonasining xonasidagi seyfdan 22 ming AQSH dollari va28 million 830 ming so‘mlik tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlagan.
Jinoiy harakatlarini davom ettirib, turmush o‘rtog‘ining hamyonidan 14 million so‘m va ming AQSH dollarini yashirin ravishda egallab, pul mablag‘larini o‘zining ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Surishtiruv harakatlari davomida I.M. qaynonasining tilla taqinchoqlarini lombardga topshirib, mikroqarz olgani aniqlangan.
Sud majlisida sudlanuvchi I.M. o‘zining aybiga qisman iqrorlik bildirdi. Bu qilmishlarni sodir etganiga turmush o‘rtog‘ining xiyonat qilishini sabab qilib keltirdi. Shu bois, u bu oiladan ketish, o‘ziga sharoit yaratib, uy-joy olishni rejalashtirgan. Bu rejasi amalga oshishi uchun u “1xbet” ilovasi orqali pul yutib olishni qulay reja, deb bilgan.
Shu maqsadda ayol dastavval turmush o‘rtog‘idan 5 ming AQSH dollari so‘ragan. Faqat u turmush o‘rtog‘ini aldab, ushbu pullar akasiga zarur bo‘layotganini aytgan.
Ayol pulni qo‘lga kritgach, uni “1xbet” ilovasiga tikkan. Pullarini yutqazib qo‘yganidan keyin u yuqorida keltirilgan o‘g‘riliklarni sodir etgan.
... Hammasi qaynukaning 4 ming dollari yo‘qolib qolganidan boshlangan. Oiladagilar bir bo‘lib pulni qidirishayotganda oila bekasining boshqa pullari joyida yo‘qligi ayon bo‘ladi. Shunda kelin o‘sha pullarni krovat tagidan topib beradi. Shu holat sabab bo‘lib ona pul saqlanadigan joyini o‘zgartiradi. O‘z yotoqxonasini qulflab yuradi. Albatta, kelinidan shubha qila boshlaydi.
Biroq, “uddaburon” kelin baribir maqsadiga yetadi. Qaynonasida saqlanayotgan katta miqdordagi pul va tilla taqinchoqlarni qo‘lga kiritadi.
Shu orada I.M.ning turmush o‘rtog‘idan so‘rab olgan 5 ming dollarni uyidagilarga bermagani ayon bo‘lgach, u shu va boshqa barcha pullarni o‘zi ishlatgani, ya’ni o‘yinga tikib yuborganini tan oladi.
I.M.ning “Iphone 11 pro” rusumli uyali aloqa vositasidagi “1xbet” ilovasini ko‘zdan kechirish bayonnomasi hamda boshqa ob’ektiv dalillar bilan sodir etilgan jinoyat o‘z isbotini topdi.
Sud jarayonida ayol qilmishidan pushaymonligi, ushbu voqealarning barchasiga turmush o‘rtog‘i sababchi ekani, turmush o‘rtog‘i bolasidan ajratmoqchi ekani, “qamoqqa olish” bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo chorasi tayinlashni, pullarni ishlab topib berishini, barcha zararni qoplab berishini ma’lum qildi.
Sud hay’ati sudlanuvchiga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda Jinoyat kodeksining 55-moddasi talablariga amal qildi. Sudlanuvchining aybiga qisman iqrorlik bildirib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, qaramog‘ida bir yashar voyaga yetmagan farzandi borligi, ayol kishi ekani, muqaddam sudlanmagani jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida, uning qilmishida javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat mavjud emasligi e’tirof etildi.
Garchi, u o‘ta og‘ir jinoiy qilmish sodir etib, jinoyat natijasida yetkazilgan zararni qoplamagan bo‘lsa-da, jazoni yengillashtiruvchi holatlar majmui qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar sifatida e’tiborga olindi.
Sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, qilmishning sababini hisobga olib, aybli deb topilgan I.M.ga Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan 57-moddani qo‘llagan holda ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam qismidan ham kamroq jazo tayinlashni, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirish lozim, deb topildi. Ayolga besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. I.M.ga nisbatan qo‘llanilgan “uy qamog‘i” tarzidagi ehtiyot chorasi “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasiga o‘zgartirildi. Aybdordan yetkazilgan zararlar undiriladigan bo‘ldi.
Xulosa o‘rnida aytib o‘tish joizki, oqibatini o‘ylamay tashlangan qing‘ir qadam bir ayolning hayotini badnom qildi. Bunday vaziyatda aql bilan ish tutgan, sabrli va o‘z huquqlarini yaxshi bilgan ayol qonuniy yo‘l bilan maqsadiga erishishi mumkin edi.
Albatta, xiyonatni kechirish qiyin. Kechirish istagi bo‘lmagan ayol turmush o‘rtog‘idan ajrashishi, farzandi bilan o‘zi yashashi uchun uy-joy talab qilishi, aliment undirishi mumkin edi. Xiyonatga jinoyat bilan javob berish yo‘lini tanlagan ayol qattiq adashdi. Endi u qora panjaralar ortida, farzand diydoriga zor o‘tirishga mahkum.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA