Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida “Xiyobon oqshomlari” she’riyat kechasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda bir guruh yosh ijodkorlar qatnashib, o‘z she’rlaridan o‘qib berdi.
Mehmon san’atkor – O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozov esa shoirlar she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlaridan kuyladi. Bir so‘z bilan aytganda, she’riyat oqshomi nazm va navo kechasiga aylanib ketdi.
“Xiyobon oqshomlari” she’riyat kechasi mamlakatimiz yoshlari qalbida adabiyot va ijodga bo‘lgan munosabatni rivojlantirish, yangi ijodkorlarni kashf qilish va qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlikni targ‘ib qilish, faoliyat yuritayotgan to‘garaklar samaradorligini yanada oshirish, ijodkorlarni bir joyga jamlash maqsadida o‘tkazilyapti. Haftaning shanba kunlari ochiq osmon ostida, daraxtlar soyasida, ustoz ijodkorlarning haykallari qoshida bo‘lib o‘tayotgan “Xiyobon oqshomlari”da yosh shoirlar navbatma-navbat o‘z ijodidan, ustoz yo tengdosh shoirlar she’rlaridan aytadi.
“Xiyobon oqshomlari”ning har safargi sonida ustoz adiblar, adabiyotshunoslar, noshirlar, nashriyot jamoalari, taniqli qo‘shiqchilar mehmon bo‘ladi.
2022 yildan boshlab, “Xiyobon oqshomlari” she’riyat kechasi Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limlari tashkilotchiligida oyda bir marta barcha hududlarda ham o‘tkazilib kelinyapti. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Nukus oqshomlari”, Andijon viloyatida “Andijon oqshomlari”, Buxoro viloyatida “Buxoro oqshomlari”, Jizzax viloyatida “Jizzax oqshomlari” o‘tkazildi.
Mazkur kechalar mavsumga qarab viloyat markazlaridagi so‘lim xiyobonlarda, ijodkorlar haykallari qoshida, Bolalar musiqa va san’at maktablarida, Madaniyat saroylarida, Yoshlar markazlarida, Ijodkorlar va istirohat bog‘larida, ijod maktablarida, kutubxonalarda, Matbuot uylarida, Ma’naviyat va ma’rifat markazlarida o‘tkazilmoqda. Bunday tadbirlar kitobga, milliy adabiyotga bo‘lgan qiziqishning tobora ortishida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zA