Har yili avgust oyida sharq gavhari sanalgan qadimiy va hamisha navqiron Xiva shahrida bo‘lib o‘tadigan an’anaviy xalqaro “Qovun sayli” festivali yakunlandi.
«Qovun sayli» bu nafaqat shirin qovunlar namoyishi, balki madaniy va gastronomik tomosha hamdir. Chunki, Xorazm zamini asrlar davomida nafaqat boy tarixi va madaniy merosi, balki o‘zining serquvvat, shirin va xushbo‘y qovunlari bilan ham mashhur. «Qovun sayli» festivali har yili ana shunday milliy boylikni keng targ‘ib qilish, turizm salohiyatini oshirish hamda mahalliy aholi va mehmonlarni birlashtirish imkonini beradi.
Xiva shahrida uch kun davom etgan festival doirasida vohaning shahar va tumanlari, korxona-tashkilotlari uchun alohida 19 ta pavilon ajratilgan bo‘lib, mirishkor dehqonlar tomonidan yetishtirilgan poliz ekinlari va ulardan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.
Har bir pavilonda o‘ziga hos madaniy dasturlar, teatrlashtirilgan sahnalar, milliy liboslar namoyishi, folklor ansambllari konsertlari, milliy taomlar ko‘rgazmalari ham tashkillashtirildi.
[gallery-24699]
“Qovun sayli” Xorazmning turistik jozibasini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Festival davomida viloyatga qariyb ikki millionga yaqin mahalliy va xorijlik sayyohlar tashrif buyurishdi. Bu esa mehmonxona, restoran va xizmat ko‘rsatish sohasi rivojiga ham hissa qo‘shadi. Shuningdek, mahalliy fermerlar uchun yangi bozorlar va hamkorlik imkoniyatlari yaratildi.
Xorazm qovunlari jahon bozorida ham mashhur. Joriy yilning o‘tgan 7 oyi mobaynida Xorazm viloyati dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan 5 ming tonna qovun mahsulotlari jahon bozorlariga yo‘l oldi. Eksport hajmining umumiy qiymati 1 million AQSH dollaridan oshib, viloyat qishloq xo‘jaligining eksport salohiyati yanada mustahkamlandi.
Xorazmda yetishtirilgan shirin va sifatli qovunlar asosan Rossiya, Polsha, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarga jo‘natilgan.
Qovun eksporti nafaqat fermerlar daromadini ko‘paytiradi, balki Xorazm viloyatining tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirishga ham xizmat qiladi.
Festival doirasida 125 turdagi qovun navlari, ulardan tayyorlangan 150 dan ortiq mahsulotlar namoyish etildi.
Qovun sayli yakunida hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, Xorazm viloyati Urganch shahri festivalning oliy o‘rin sohibi deb topilib, “Tracker” yengil avtomashinasi bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rinni egallagan Xiva shahriga “Onix”, ikkinchi o‘rinni egallagan Yangibozor tumani va “UzAuto Motors” AJ Xorazm viloyati filialiga esa “Damas” mashinalari topshirildi. Uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rilgan tumanlar va tashkilotlarga mototsikllar berildi.
Festival yakunida mahalliy va xorijiy san’atkorlar ishtirokida katta gala-konsert dasturi namoyish etildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari