Xorazm viloyatida 2023-2026 yillarda YeTTB ishtirokida 150 million dollarlik loyihalar asosida 220 kilometr oqova suv tarmoqlarini qurish, yangi oqova suv tozalash inshooti barpo etish, shuningdek, bir nechta oqova hamda ichimlik suv tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish belgilangan.
Faqatgina joriy yilda 70,3 million dollar mablag‘ni o‘zlashtirish orqali Urganch shahrida yangi oqova suv tozalash inshootini qurish, Xiva shahrida oqova suv tizimini barpo etish hamda zarur texnik jihozlarni xarid qilish ko‘zda tutilgan. Ayni kunda Xiva shahrida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, joylarda oqova suv xizmatlarini yaxshilash borasida keng ko‘lamdagi ishlar davom etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shahar aholisining kanalizatsiya xizmati bilan ta’minlanish darajasi bugungi kunda 21 foizni tashkil qiladi. Oqava suv xizmati ko‘rsatish uchun umumiy uzunligi 38 kilometrli oqova suv tarmog‘i, 8 ta oqova suv haydash nasos stansiyalari va 1 ta quvvati 10 ming kub metrli oqova suv tozalash inshooti mavjud. Biroq, mazkur inshootlarning ishga tushirilganiga qariyb yarim asrdan oshgan.
– Mavjud tarmoqlar 1973-90 yillarda qurilgan bo‘lib, tarmoq va inshootlar o‘z xizmat muddatini o‘tab, bugungi kunda avariya holatida faoliyat yuritmoqda, – deydi “Xorazm suv ta’minoti” AJ direktori Otabek Qodirov. – Oqava suv tarmoqlari va inshootlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 apreldagi tegishli qaroriga asosan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 90 million dollarlik kredit mablag‘larini jalb qilish evaziga “Xorazm viloyatining kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” loyihasi bo‘yicha Yevropa banki bilan shartnoma imzolandi. Bugungi kunda loyihani amalga oshirish bo‘yicha Fransiyaning “EJIS” kompaniyasi konsultant etib tayinlandi. Hozirda 38 kilometr oqova suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va 20 kilometr yangi tarmoqlar qurish bo‘yicha 6,8 million dollarlik loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, xalqaro tender savdolariga qo‘yildi. Tender savdolariga asosan “Arxitektor quruvchi” qo‘shma korxonasi g‘olib bo‘ldi. Mazkur korxona bilan jamiyat o‘rtasida joriy yilning may oyida shartnoma imzolanib, hozirda pudratchi tashkilot tomonidan quvur va boshqa materiallar jamg‘arilib, qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Shartnoma shartiga ko‘ra, qurilish ishlari 2 yil davomida to‘liq bajarilib foydalanishga topshirilishi belgilangan. Bundan tashqari, loyiha doirasida oqova suv nasos stansiyalari va 3 ta yangi oqova suv nasos stansiyalari qurilishi ham rejalashtirilgan.
– Sakkizta oqova suv nasos stansiyalari va 3 ta yangi oqova suv nasos stansiyalari qurilishi bo‘yicha 15 iyul kuni Xalqaro tender savdolari bo‘lib o‘tdi. Hozirda Yevropa banki tomonidan g‘olib quruvchi kompaniyani aniqlash ishlari olib borilmoqda, – deydi “Xorazm suv ta’minoti” AJ direktori Otabek Qodirov. – Xiva shahar oqova suv tozalash inshootini 10 ming m3 quvvatda yangidan qurish bo‘yicha tender savdolari davom etmoqda. Joriy yilning avgust oyida pudratchi kompaniya aniqlanib, qurilish ishlari boshlanishi rejalashtirilgan.

Shuni alohida qayd etish kerakki, mazkur loyihalarni amalga oshirilishi natijasida Xiva shahri aholisiga kanalizatsiya xizmati ko‘rsatish darajasi 70 foizga yetadi. Shaharda oqova suv tizimlarida yuzaga keladigan nosozliklar hamda eng muhimi atrof-muhit va ochiq suv havzalari ifloslanishining oldi olinadi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (Surat), O‘zA muxbirlari