*Dunyo bo‘yicha 1 million 200 xildan ziyod hasharotlar mavjud.
*Bu hasharotlarning hammasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun xavflimi?
*Yurtimiz bog‘laridagi mevalarning sifatini saqlab qolish uchun qanday ishlar qilinyapti?
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha qilinayotgan ilmiy ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida yuqoridagi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Unda FA Zoologiya, Mikrobiologiya va Bioorganik kimyo institutlari mutasaddilari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2050 yilga kelib dunyo aholisining soni 10 milliard kishiga yetishi kutilmoqda. Bu esa shuncha odamga oziq-ovqat yetkazib berish zarurati bor, degani. Buning uchun eng birinchi navbatda hosildorlikni oshirish talab etiladi. Xo‘sh, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
— Buning uchun eng avvalo olimlar zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirish, mukammallashtirish yo‘llarini izlashlari kerak, — deydi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Baxtiyor Ibragimov. — Zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha Fanlar akademiyasi Zoologiya, Mikrobiologiya va Bioorganik kimyo institutlari hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi o‘simliklarni himoya qilish instituti olimlari tomonidan ko‘plab yangi tajribalar tatbiq etilmoqda. Ammo hali qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar talaygina.
Tizimda zararkunandalar va hasharotlarga qarshi kurashish borasida qilinayotgan ilmiy ishlar xususida Zoologiya instituti direktori Baxtiyor Xolmatov gapirib o‘tdi.
– Zoologiya instituti tomonidan oxirgi yillarda jiddiy zararkunanda hisoblanmish termitlarga qarshi kurashish bo‘yicha ishlar olib borilyapti, – deydi B.Xolmatov. – O‘zbekistondagi deyarli barcha viloyatlarda termitlarning 2 turi keng tarqalgan. Termitlar yashash joylarini cho‘l xududlariga yaqin bo‘lgan aholi turarjoylari, tarixiy obidalar bor joylarga ko‘chirishdi. bugungi kunda institutimiz xuzurida Termitlarga qarshi kurashish markazi faoliyat olib boryapti. Termitlar aniqlangan xonadonlarda profilaktika ishlari yo‘lga qo‘yildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan bu boradagi ishlar samaradorligi uchun 700 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ishchi guruh tuzilib, Xiva shahridagi 6 ta mahallada monitoring ishlari olib borildi. 120 ta xonadonda termitning zararli holatlari aniqlandi. Xivadagi 5 foiz xonadonda termit borligi ma’lum bo‘ldi. Olimlar tomonidan termitlarni aniqlovchi dastur yaratildi. Xiva shahridagi Ichan qal’a majmuasidagi masjidga o‘rnatilib, sinovdan o‘tkazildi. Yaxshi natija berdi. Bu dastur namlik va quruqlikka qarab termitni tarqalishini bashorat qilib beradi.
Tadbirda ko‘sak qurtiga qarshi Havir biologik preparati, shira, oq qanot, o‘rgimchak kana kabi zararli hasharotlarga qarshi Ekobak nomi bilan yuritiluvchi yangi preparat ishlab chiqilgani va bu yaxshi samara berayotgani xususida ham mutaxassislar tomonidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbir davomida bog‘dorchilikni rivojlantirish, hosildorlikni oshirish borasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar va rejalarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA