Joriy yilning 9 oyida Xorazmga 150 ga yaqin xorijiy davlatlardan ikki million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu raqam mahalliy sayyohlar bilan qo‘shib hisoblansa, qariyb o‘n millionga yetadi.
Sayyohlar oqimining ortishida viloyatda yil davomida o‘tkazilayotgan 10 dan ortiq xalqaro festivallar, 20 dan ortiq mahalliy ommaviy tadbirlarning ahamiyati katta. “Xalqaro baxshichilik san’ati”, “Qovun sayli”, “Lazgi” xalqaro festivallari, “Strongmen” xalqaro bahodirlar o‘yini, Xorazm xalqaro investitsiyalar forumi hamda “Xorazm xonlari milliy taomlari” xalqaro gastronomik festivali kabi xalqaro tadbirlar shular jumlasidandir.

Shu oyning 14-sanasida esa "Xorazm palovi" xalqaro osh festivali bo‘lib o‘tadi.
Xiva shahrining "Arda Xiva" turizm majmuasida bo‘lib o‘tadigan xalqaro gastrofestivalida respublikamizda va butun dunyoda mashhur oshpazlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Shu kuni mamlakatimizda ilk bor rekord og‘irlikdagi 9 tonna palov-osh tayyorlanadi.

—Albatta, to‘qqiz tonna palovni tayyorlash oson bo‘lmaydi, —deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Saidov. – Buning uchun hozir turistik majmua hududida maxsus joy ajratilib, Ohangaron kon-metallurgiya kombinatida tayyorlangan o‘choq va doshqozon keltirilib o‘rnatildi. Barcha xavfsizlik chorali ko‘rilmoqda. Katta miqdordagi bunday palovni pishirishda respublikamizning eng ko‘zga ko‘ringan, mashhur va katta tajribaga ega 25 nafar oshpazi qatnashadi. Ularning yordamchilarini ham hisobga olsak yuzdan ortiq odam taom tayyorlash jarayonlariga jalb etiladi.
Xalqaro festival doirasida “Karvin” san’ati namoyishi, madaniy dasturlar bilan boyitilgan oshpazlar musobaqasi, 70 dan ortiq taniqli oshpazlarning “Mahorat darslari”, hunarmandchilik, “AGRO” va “FOOD” turizm ko‘rgazmalari, mamlakatimiz va xorijning mashhur san’atkorlari ijrosida konsert dasturlari, shuningdek “Ko‘ngilochar” tomoshalar tashkil etiladi.
Gastrofestival davomida nafaqat osh, balki milliy va qadimiy taomlarimiz ham tayyorlanib, ularning tarixi va tarkibi targ‘ib etiladi.

Mazkur tadbir nafaqat gastronomik turizmni rivojlantirish, balki xalqimizning qadimiy urf-odatlari va mehmondo‘stlik an’analarini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi. Chunki, butun dunyodan kelgan ommaviy axborot vositalari, blogerlar, sayyohlar va sharq oshxonasi muxlislari turli vositalarda yurtimizning boy gastronomik merosini birgalikda targ‘ib etadilar.
Bu esa Xorazm vohasi va uning mehmonlari uchun sharqona mehmondo‘stlik muhitidan, o‘ziga xos ta’mlar, betakror san’at va ajoyib go‘zalliklardan bahramand bo‘lish imkonini beradi.
O‘tgan noyabr oyida ham Arda Xivada “Xorazm xonlari milliy taomlari” gastrofestivali o‘tkazilgan. Unda Respublikamizning turli hududlaridan kelgan 20 dan ortiq mashhur oshpazlar ishtirokida 50 dan ortiq milliy, Yevropa va Osiyo taomlari tayyorlandi.
Tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan festivalda xorijlik va mahalliy mehmonlarga Xorazm milliy taomlari, jumladan, o‘tmishda xonlarning saroy oshxonasida tayyorlangan noyob taomlari, ularning tayyorlanish jarayonini kuzatish va tatib ko‘rish imkoni yaratiladi.
<iframe width="914" height="523" src="https://www.youtube.com/embed/hqRIiho-mLg" title="Xivada 9 tonna palov tayyorlanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari