Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xiva ichki turizm uchun ochildi
10:25 / 2020-06-25

Sayyoramizga chang solgan pandemiyadan butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimiz sayyohlik sohasi ham jiddiy zarar koʻrdi.


Prezidentimiz joriy yil 16-iyun kuni xizmat koʻrsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida ichki turizm imkoniyatlaridan yana-da unumliroq foydalanib, sohaga xizmat qiluvchi yoʻldosh tarmoqlarda ish joylari tashkil etish, diqqatga sazovor maskanlar va qadimiy shaharlarga sayohatlar uyushtirishga alohida eʼtibor qaratgan edi.

Xorazm viloyatida ham mehmonlarni munosib kutib olish, maroqli va xavfsiz dam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.Prezidentimizning shu yil 28-maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni viloyatda yangi ichki turizm yoʻnalishlari ochish, koʻchma dam olish maskanlarini koʻpaytirish, tibbiyot va sogʻlomlashtirish turizmini bosqichma-bosqich yuksaltirishda dasturilamal boʻlmoqda.

–Viloyatimizda bu yoʻnalishlarda katta salohiyat mavjud, – deydi viloyat turizmni rivojlantirish departamenti boʻlim boshligʻi Rayhon Davletova. – Qadimiy Xorazm vohasi noyob madaniy yodgorliklari va tabiiy meros obyektlariga boy hudud. Ziyorat, taʼlim, ekologik va sogʻlomlashtirish, gastronomik turizmi yoʻnalishlariga dunyo ahli katta qiziqish bildirgani ham bejiz emas. Pandemiya sharoitida ham viloyatning jozibador turistik imkoniyatlaridan yana-da unumli foydalanish boʻyicha belgilab olingan vazifalar izchil davom ettirilmoqda.

Sayyoramizga chang solgan pandemiyadan butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimiz sayyohlik sohasi ham jiddiy zarar koʻrdi. Biroq,mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi keng tarqalishiga qarshi karantin qoidalari joriy etilganidan boshlab, turizm hamda unga bevosita bogʻliq boʻlgan tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Kuni kecha Xorazmga Namangan viloyatidan 50 nafar mehmon vohaning koʻrishga arzigulik joylarini tomosha qilish maqsadida tashrif buyurdi.

Aksariyati moʻtabar onaxonlardan iborat mehmonlar dastavval qadimiy va hamisha navqiron Xiva shahrining tarixiy obidalari va ulardagi asori-atiqalar bilan tanishdilar. Buyuk ajdodlarimizning maqbaralarini ziyorat qilishdi.

– Joriy yil boshidan Namangan otin oyilari mamlakatimizning muqaddas joylari, qadimiy shaharlarini koʻrishni maqsad qilgan edik, – deydi Xolisxon Eramonbekova. – Ming afsuski karantin davri boshlanib qoldi. Biroq ichki turizmga ruxsat berildi. Biz, Xivaga yetib kelgunimizcha Buxoro va Samarqand shaharlarida boʻldik. Yoʻllarda qiynalmadik. Barcha sharoitlar yaratilgan. Qadimiy shaharlarning goʻzalligini koʻrib bahri dilimiz ochildi. Ayniqsa, ziyoratgohlarga kirib xalqimiz salomatligi, yurtimiz tinchligini, farzandlarimiz kamolini tilab duolar qildik.

Mehmonlar koʻhna “ichan qalʼani” ziyorat qilar ekanlar ularga Xorazm qoʻgʻirchoq teatri jamoasi peshvoz chiqib, qoʻgʻirchoqlar yordamida turli sahna koʻrinishlarini namoyish etdi. Quvnoq qoʻshiq va raqslar barchaga yana-da koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Kunning ikkinchi yarmida belgilangan yoʻnalish boʻyicha mehmonlar Xiva Qorakoʻl turistik majmuasida ham boʻlishdi. Qum barxanlari ichra katta koʻl boʻyida tashkil etilgan sayyohlik majmuasida yaratilgan sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

– Xiva shahri “Yashil” hududga aylanganidan soʻng majmuamiz mahalliy sayyohlarga xizmat koʻrsatishni boshladi, – deydi “Xiva qorakoʻl” sayyohlik majmuasi rahbari Shahzod Berdiboyev. – Biz kelgan mehmonlarga kemada, tuyada sayr etish, baliq ovlash, milliy va yevropa taomlaridan tanavvul etish, badiiy va koʻngil ochar dasturlarni namoyishi, shuningdek, Xorazm milliy baliq taomlarini tayyorlash jarayonlarida ishtirok etish kabi xizmatlarni taklif qilamiz. Shuningdek, 36 oʻrinli mehmonxonamiz ham sayyohlar ixtiyorida.

Taʼkidlash lozimki, shu kunlarda Xorazm viloyatining pandemiya yumshayotgan va “yashil” hududga aylangan goʻshalarida mavjud tarixiy-madaniy, arxeologik, ziyorat turizmi obyektlariga sayohatlar uyushtirishga eʼtibor yana-da kuchaytirilmoqda. Zero, ichki turizm iqtisodiyotimizning tobora rivojlanayotgan sohalalaridan biridir. Ayni sharoitda esa soha vakillari ham karantin talablariga rioya qilgan holda, berilgan keng imtiyozlardan unumli foydalanishlari lozim.