Xiva shahridagi “Ichanqal’a” davlat-muzey qo‘riqxonasi tarix va kelajakni birlashtirgan maskan. Bu yerga qilingan sayohat davomida nafaqat moziy bilan yuzlashish, balki betakror hunarmandchilik mahsulotlarini ham kuzatish imkoni bor. Yildan-yilga ochiq osmon ostidagi muzey-shaharga sayyohlarning kelishi ko‘payib bormoqda.
Xorazm gilamchilik san’ati ham ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, arxeologik topilmalar miloddan avvalgi birinchi ming yillikka oid gilam namunasini tasdiqlaydi. Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Xorazmning Xiva gilamlari qadim-qadimdan Eronning “Sahabiylar gilami”, Turkman gilamlari yoki Xitoyning ipak gilamlari qatorida dunyoning eng qimmat gilamlari safiga kirgan.
– Xorazmda to‘qilgan gilamlarga hozir ham nafaqat O‘zbekistonda, balki Turkiya, Qatar, BAA va Rossiya kabi davlatlarda ham talab yuqori, – deydi “Ichanqal’a” davlat-muzey qo‘riqxonasi ilmiy xodimi Umarbek Shomurodov. – Xiva gilamlari hududning qadim tarixi va qadriyatlaridan so‘zlaydi. Ayniqsa, ipakdan to‘qilgan mahsulotlarga xalqaro bozorda qiziqish katta. Chunki, uning yaratilishi uchun katta mehnat, ko‘p vaqt va alohida qunt talab qilinadi. Bunday gilamlar tarixda ham Buyuk ipak yo‘li orqali dunyoning ko‘plab mamlakatlariga kirib borgan.
Xorazm viloyatida 500 dan ortiq hunarmand gilamdo‘zlik yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda. Ularning aksariyati xivaliklardir. Hunarmandlarning mahsulotlariga nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda talab katta.
Nafis va jozibador. Xivaning ipak gilamlarga nisbatan ana shunday ta’rif beriladi. Chunki, unga gilamdo‘zning qalb qo‘ri va ko‘z nuri jo bo‘ladi. Qo‘l mehnatining betakror namunasiga xalqaro maydonda ham talab katta. Ayniqsa, ipakdan tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlari mahalliy va xalqaro bozorda alohida qadrlanadi. Bugungi kunda gilamdo‘zlik avloddan-avlodga o‘tib, yangi an’analar bilan sayqallanmoqda.
Usta-hunarmand Madrahim Matkarimovga ham gilamdo‘zlik ota-bobolaridan meros. Ipakni tanlash, yuvish va to‘qishga tayyorlashdan tortib dizayn yaratishgacha bo‘lgan jarayonlarni hunarmandning o‘zi bajaradi. Chunki ish sifatini ustaning mahorati belgilaydi. Ba’zi gilamlarni tayyorlash uchun oylab, hatto yillab vaqt ketishi mumkin. Bu ijod namunasining kattaligi, naqshlari gilamdo‘zning mohirligiga bog‘liq.
– Qadimiy va tabiiy usulda tayyorlanadigan hamda juda ko‘p foydalaniladigan asosiy ranglarimiz to‘rt xilda bo‘ldi, – deydi Madrahim Matkarimov. – Bular oq, ko‘k, qora va yashil ranglar. Biz ana shu ranglardan foydalangan holda gilam iplariga boshqa ranglarni ham bera olamiz. Ipaklarni mahalliy ipakchilardan olamiz. Xorazm ipaklari ham boshqa hududlardagidan farq qiladi. Ular qattiqroq bo‘lsa ham chidamliligi yuqori bo‘ladi. Ranglarni yaxshi singdiradi va saqlaydi. Shuni bemalol aytaolamnki, biz to‘qiyotgan gilamlar o‘z egasiga 300 yildan ortiq xizmat qiladi. O‘z rangini hech qachon o‘zgartirmaydi. Bu tarixan isbotlangan fakt.
Hunarmand o‘z ishlanmalarida koshin va yog‘och o‘ymakorligidagi naqshlarni gilamlarga tushirish orqali o‘ziga xos san’at asarlari yaratmoqda. U ko‘p asrlik tajribani yangi qadriyatlar bilan boyitishga harakat qilmoqda.
– Xiva gilamlarida bir-birini takrorlovchi ritmik naqshlardan ko‘proq foydalaniladi, – deydi Madrahim Matkarimov. –Shu sababdan geometrik, o‘simliksimon, hayvonotsimon ornamentlar tez- tez uchraydi. Mazkur naqshlarni har qanday hajmda kattalashtirish va kichiklashtirish mumkin. Asosan 14-15 asrda yo‘qolib ketgan dizaynlar bu minatyuralardir. Biz ularni bugun tarli manbalar yordamida topib qayta tiklamoqdamiz.
Madrahim Matkarimovning ustaxonasi har kuni mahalliy va xorijiy mehmonlar bilan to‘la. Chunki, bu yerda turli hunarmandchilik namunalarining yaratilish jarayonlariga guvoh bo‘lish sayyohlarga unutilmas taasurotlarni baxsh etadi. Xiva gilamlarining ishqibozi va xaridorlari ham xorijliklar. Gilamlarning bahosi ikki mingdan yigirma ming AQSH dollarigacha bo‘lishi mumkin.
[gallery-26012]
– Ipakning nafisligi jo bo‘lgan betakror qo‘l ishlanmalari, ya’ni gilamlarni tarixdan belgi, Movarounnahrning timsoli deb bilaman, – deydi xitoylik sayyoh Weiying Xie.– Gilamlarda mana shu zamin tamaddunining barcha bosqichlari saqlanib kelmoqda. Gilamdagi naqsh va bezaklar orqali xalqning madaniyati ifodalanadi. Boshqa madaniyat vakillari undan yaxshigina ma’lumot olishlari mumkin. Misol uchun, g‘arbliklar sharq odamlarining ruhiyati va tafakkurini bilishni istasa, gilamlarning rangi va naqshlariga e’tibor bersin. Ularda chuqur ma’no yashiringan.
Xorazm gilamchilik san’ati nafaqat xalqimiz tafakkuri va didi, balki uning sabri, mehnati va badiiy dunyoqarashining ko‘zgusidir. Ushbu vohada gilam to‘qish san’ati miloddan avvalgi davrlardayoq shakllangan. Ajdodlarimizdan bizga qadar asrab-avaylangan. Bugun esa bu an’analar yangi nafas, zamonaviy dizayn va innovatsiyalar bilan boyitilmoqda. Bugun ham bu hunarning jozibasi o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda.
Shu boisdan ham Xiva gilamlari o‘z jilosi bilan jahon xalqlarini maftun qilishda davom etadi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari