Xiva shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining ikkinchi parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat Raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston parlamentining takliflarini ma’lum qildi:
– Mamlakatlarimiz qonunchiliklarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirishi kerak, – dedi T.Norboyeva. – Davlatlarimiz o‘rtasida ko‘plab sohalarda o‘zaro kelishuvlarga erishilayotgan bir vaqtda qonunlarimiz bir-biriga zid bo‘lmasligi lozim. Bunda, parlamentlararo guruhlar va komissiyalaring o‘zaro hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash ustidan parlament nazoratini olib borishda uzviy hamkorlik kerak. Bunda, mas’ul qo‘mitalar, parlament apparatlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalardan foydalanishimiz zarur. Zero, bu yo‘nalishda ishlar boshlangan, o‘zaro tashriflar, ish bo‘yicha tajriba almashinuvlari yo‘lga qo‘yilgan.
Parlamentlar darajasidagi hamkorlik hududlardagi vakillik organlari darajasiga ham tushishi kerak. Shu nuqtayi nazardan, mahalliy vakillik organlari o‘rtasida turli loyiha va dasturlarning joylardagi ijrosi ustidan nazorat olib borishda o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish lozim. Bunda, parlamentlar komissiyalarining yig‘ilishlarini hududlarda o‘tkazish, ularda hududlar o‘rtasida o‘ziga xoslikdan kelib chiqib, loyihalarning ijrosiga ko‘maklashish masalalari ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq.

Parlamentlararo hamkorlikda ayollar faolligini oshirish zarur. Ma’lumki, 2020 yilda O‘zbekistonning tashabbusi bilan mintaqamizda oila, xotin-qizlar masalalarini birgalikda ko‘rib chiqish, tajriba almashish, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishda kelishilgan pozitsiyalar bilan ishtirok etish maqsadida Markaziy Osiyo yetakchi xotin-qizlarining doimiy faoliyat ko‘rsatadigan platformasi – Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqoti tashkil etilgan.
Davlatlarimiz rahbarlarining qo‘llab-quvvatlovi va o‘zaro sa’y-harakatlar natijasida mazkur platforma gender tengligi masalalarini ochiq va konstruktiv muhokama qilish uchun muhim mexanizmga aylandi.
Mintaqamizda ayollar faolligini oshirish, ularning mintaqa rivojlanishida ishtirokini kengaytirish jarayonlari ushbu format bilan hamkorlikda tashkil qilinishi maqsadga muvofiq.
Yoshlar yo‘nalishida ham mazkur forum doirasida doimiy platforma tashkil qilish va u orqali yoshlar parlamentlari o‘rtasida muntazam hamkorlik aloqalarini shakllantirish lozim.
Xalqaro va mintaqaviy parlamentlararo tashkilotlar doirasida parlamentlarimizning turli masalalarni birgalikda ko‘rib chiqish, kelishilgan pozitsiyalarni shakllantirish, umumiy qaror va tavsiyalarni ishlab chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarur.
Parlamentlarimiz mamlakatlarimizda madaniy-gumanitar tusdagi hamkorlikdagi tadbirlarning kengayishiga e’tibor qilishi lozim. Zero, bunday turdagi tadbirlar xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davlatlarimiz rahbarlari tomonidan mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha katta marralar qo‘yildi. Bizning asosiy maqsadimiz – mazkur jarayonda parlamentlarimiz va mahalliy vakillik organlarimiz faolligini yanada oshirish, ayollar va yoshlar ishtirokini kengaytirishdir.
O‘zbekiston tomonidan bildirilgan bu kabi takliflar barcha parlamentlar vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Norgul Abduraimova, Bekzodbek Saidov (surat), O‘zA