Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov, O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev, viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev hamda Xitoyning “CITIC Construction” kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Yang Jiansyan ishtirokida joriy yilning 5 aprel kuni videokonferensaloqa tarzida muloqot bo‘lib o‘tgan edi. Unda kelishilganidek, mazkur kompaniyaning qishloq xo‘jaligi boshqarmasi bosh direktori o‘rinbosari Vang Ibo boshchiligidagi ishchi guruh Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Mehmonlar dastlab Xovos tumanidagi "Oziq-ovqat sanoat texnoparki" barpo etilishi rejalashtirilayotgan hududda bo‘lib, mavjud infratuzilma bilan tanishdi. So‘ng delegatsiya a’zolarini viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev qabul qildi. Uchrashuvda tomonlar qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, logistika, uy-joy va yo‘l qurilishi yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.
Muloqot chog‘ida viloyat rahbari Sirdaryoda zamonaviy issiqxona komplekslari va agrologistika markazlarini tashkil qilish, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda ilm-fan yutuqlari hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Delegatsiya rahbari Vang Ibo viloyat rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, “CITIC Construction” va “CITIC group” tarkibidagi boshqa kampaniyalarning ixtisoslashuvi, ular tomonidan amalga oshirilgan Xalqaro miqyosdagi loyihalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, muhokama etilgan masalalarni amaliyotga tatbiq etish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv so‘ngida hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar taklifini ishlab chiqish uchun muntazam va samarali muzokaralar o‘tkazish borishga kelishib olindi.
Sh.Suyarov,
Sh.Ortiqboyev,(suratlar) O‘zA