Xitoyning yana bir kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatildi
“Toshkent Invest Kompaniya” AJ va Xitoyning “SUMEC International Technology & Trade Co., Ltd.” kompaniyasi ikki davlat savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga hissa qo‘shish maqsadida hamkorlik shartnomasini imzoladi. Tomonlar jami investitsiya qiymati 100 million dollarni tashkil etadigan “Yangi avlod” maxsus industrial zonasining sarmoyaviy salohiyatini rivojlantirishga kelishib oldilar.
SUMEC boshqaruvi raisi bilan uchrashuvda ixtisoslashtirilgan investitsiya platformasi yaratish orqali 1 million dollarlik loyihani moliyalashtirish istiqboli muhokama qilindi. Umumiy reja asosida savdo ob’ektlari barpo etish, infratuzilma yaratish, SUMEC texnologiyasidan foydalangan holda qo‘shma sanoat loyihalari amalga oshirish, shuningdek energetika va transport tizimini modernizatsiya qilish nazarda tutilgan.
Muloqot chog‘ida joriy yil to‘rtinchi chorakka belgilangan O‘zbekiston – Xitoy biznes forumiga tayyorgarlik masalasi alohida ko‘rib chiqildi.
M.Pirmatova, O‘zA