Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoyning Ukraina inqirozini bartaraf qilish bo‘yicha taklifiga AQSHning munosabati
13:59 / 2023-02-24

Xitoy tashqi ishlar vazirligi Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini e’lon qildi. Rasmiy saytda e’lon qilingan mazkur hujjat 12 bo‘limdan iborat.

Birinchi bo‘limda ta’kidlanadiki, barcha mamlakatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi kerak. Shuningdek, "barcha mamlakatlar o‘zining katta-kichikligi, qudrati yoki boyligidan qat’iy nazar tengdir", deyiladi. Hujjatda uqtirilishicha, xalqaro huquqlar hammaga birdek va yagona shaklda qo‘llanishi hamda ikki yoqlama standartlardan voz kechilishi kerak. Pekin sovuq urush mentalitetidan voz kechishga chaqiradi hamda harbiy bloklarni kuchaytirish va kengaytirish hisobiga mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlab bo‘lmasligini yana bir bor eslatadi. Barcha mamlakatlarning xavfsizlik bo‘yicha qonuniy manfaatlari va xavotirlari, albatta hisobga olinishi kerak, deyiladi bayonotda. 

“Harbiy harakatlarga chek qo‘yish va urushni to‘xtatish” sarlavhali uchinchi bo‘limda, “urushda g‘oliblar bo‘lmasligi” ta’kidlanadi. Xitoyning fikricha, barcha tomonlar bosiqlikni saqlashi, olovga moy sepmasligi, mojaro davom etishiga yoki Ukraina inqirozi nazoratdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Shuningdek, ushbu bo‘limda Moskva bilan Kiyev o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot boshlanishi zarurligi ham ta’kidlangan.

To‘rtinchi bo‘lim tinchlik muzokaralariga bag‘ishlangan. Xitoy tomonining qat’iy ta’kidlashicha, muloqotlar va muzokaralar Ukraina inqirozidan chiqishning yagona yo‘li hisoblanadi. Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida muzokaralarni boshlash uchun sharoit yaratilishi va platforma taqdim etilishi kerak. Pekin gumanitar inqiroz oqibatlarini yumshatishga olib keluvchi barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash va gumanitar masalalarni siyosiylashtirmaslik zarurligini alohida ta’kidlagan. 

Oltinchi bo‘limda Xitoy Moskva va Ukraina o‘rtasida asirlarni almashtirilishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan va buning uchun barcha tomon qulay sharoit yaratishi, tinch fuqaro va harbiy asirlarni himoya qilish zarurligi alohida ta’kidlagan.

XXR AES kabi tinch yadro ob’ektlariga qurolli hujum uyushtirilishiga qarshi turish zarurligini eslatadi. Sakkizinchi bo‘limda yadro quroli qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi aytiladi. Pekin ommaviy qirg‘in qurollarini ishga solish yoki uni qo‘llash bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi turish tarafdori. 

Xitoy barcha tomonni Qora dengiz orqali don mahsulotlarini tashish bo‘yicha kelishuvga amal qilishga chaqiradi. Ta’kidlanishicha, Xitoy tomonidan taklif etilgan oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi xalqaro hamkorlik tashabbusi global miqyosdagi oziq-ovqat inqirozi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishning aniq yechimi bo‘lishi mumkin.

O‘ninchi bo‘limda aytiladiki, Pekin Ukraina mojarosi sababli bir tomonlama sanksiyalarning suiiste’mol qilinishiga qarshi. Chunki Pekinning fikricha, cheklovlar inqirozni bartaraf qila olmaydi, aksincha, faqat yangi muammolarni keltirib chiqaradi.

O‘n birinchi bo‘lim ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlarining barqarorligini ta’minlashga bag‘ishlangan. Shuningdek, Xitoy jahon iqtisodiy tizimini siyosiylashtirilishiga qarshi turishga chaqirgan. Yakuniy o‘n ikkinchi bo‘limda Xitoy mojaroga chek qo‘yilgandan keyin tiklanish ishlariga yordam berishga va bu jarayonda konstruktiv rol o‘ynashga tayyorligini bildirgan. 

Xitoyning Ukraina inqiroziga yechim topish yo‘lida taqdim etgan mazkur pozitsiyasiga mojaro ishtirokchilari o‘z bahosini beradi, albatta. Chunki, qarama-qarshilikka barham berish va tinch muzokaralar boshlash tomonlarning istagi ekaniga shubha yo‘q. Biroq siyosiy muzokaralarda ikki tomon uchun ham muhim bo‘lgan nuqtalarni topish, Xitoy ta’kidlagandik, Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida muzokaralarni boshlash uchun sharoitni yaratish va platforma taqdim etilishi kerak. 

Xitoy o‘z taklifini e’lon qilgandan keyin AQSH unga dastlabki munosabatini ma’lum qildi. AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivanning bayonot berishicha, AQSH Kiyevga Moskva bilan qanday kelishishni buyurmaydi. 

“Men kelajakni oldindan ayta olmayman, biroq AQSH bu urush qanday tugashi bo‘yicha Ukrainaga buyruq bermaydi”, – deb bayonot berdi Sallivan CNN telekanali efirida. Sallivan Pekin taklifiga izoh berar ekan, birinchi bo‘limga (mamlakat suverenitetini hurmat qilish) to‘xtash kerakligini ta’kidlagan. O‘z taqdiri bo‘yicha qarorni ukrainaliklarning o‘zlari qabul qilishi kerak, deydi Sallivan. 

S.Rahimov, 

O‘zA