Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyasi 5 barobar ortgan
10:20 / 2023-07-31

Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyasi miqdori so‘nggi yillarda 5 barobar ortgan. Bu haqda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Xitoyning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yu Jun o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytildi.

Muloqot chog‘ida tomonlar davlatimiz rahbarining joriy yil may oyida Xitoyga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq qilish, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini muhokama qildi.  

O‘zaro savdoni rivojlantirish istiqboli ko‘rib chiqildi. Mahsulot va xizmat almashinuvi 2022 yil 8,92 milliard dollarni, 2023 yil birinchi yarmida 5,6 milliard dollarni tashkil etgani ma’lum qilindi. Boshqa choralar bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berishni kengaytirish hisobiga ushbu ko‘rsatkich yanada o‘sishini ta’minlash maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.  

Xitoyning respublikamiz iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyasi o‘sish sur’ati jadallashib, so‘nggi yillarda 5 barobar ortgani, 2022 yil 2,2 milliard dollarga yetgani, mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch barobar oshgani qayd etildi.  

Investitsiya sohasida hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Energetika, kimyo sanoati, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va transport sohalarida qo‘shma loyihalar joriy etish holati ko‘rib chiqildi.  

XXR hukumati O‘zbekistonda amalga oshirayotgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni maromiga yetkazish uchun moliyaviy va texnik yordamni kengaytirish imkoniyati, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar tahlil qilindi.  

Uchrashuv yakuni bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlashni jadallashtirish, yangi istiqbolli tashabbuslar ishlab chiqish borasida kelgusi hamkorlikka oid tashkiliy masalalar ishlab chiqildi.  

 

O‘zA