“Taraqqiyot strategiyasi” markazida Xitoyning “Great Wall Motors International” (GWM) avtomobilsozlik kompaniyasi vitse-prezidenti Suy Syaoxuey boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov xitoylik mehmonlarni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi faoliyati bilan tanishtirib, mamlakatimizda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, xorijiy kompaniyalar va investorlar bilan hamkorlik hamda ular uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Muloqot jarayonida GWM vitse-prezidenti o‘zi faoliyat yuritayotgan kompaniya imkoniyatlari haqida gapirar ekan, 1984 yilda tashkil etilgan GWM Xitoyda avtomobillarni loyihalash, ishlab chiqarish, sotish va ularga xizmat ko‘rsatish hamda ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi uchinchi yirik avtomobil kompaniyasi ekanligini ta’kidladi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.
Unga ko‘ra, bugungi kunda GWMda taxminan 120 ming xodim ishlaydi, ulardan 30 ming nafari malakali muhandislardir. Kompaniya 7 yil ichida 1 million donadan ortiq avtomobil sotishga erishgan. Ayni paytda GWM kompaniyasi HAVAL, WEY, ORA, TANK va POER kabi subbrendlarni o‘z ichiga oladi, shuningdek, 1000 ga yaqin xorijiy tarmoqlarga ega.
Suhbat davomida GWM vitse-prezidenti O‘zbekiston kompaniyaning strategik hamkorlaridan biri ekanligini va “Haval” subbrendini ishlab chiqarish Jizzaxdagi “ADM Global” kompaniyasi bilan birgalikda allaqachon yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidladi.

Do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA