Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoyning Farg‘ona viloyatiga investitsiyasi miqdori milliard dollarga yetib qoldi (+video)
15:47 / 2025-11-25

Bugun Farg‘onada yana bir yirik investitsion loyihaga oq fotiha berilib, qurilish ishlari boshlandi.

Jami 350 million AQSH dollariga teng loyiha uch qismdan iborat bo‘lib, u yagona majmuani tashkil etadi. Dastlab Farg‘ona shahrida Xitoy “Foshan” ishlab chiqarish sanoat zonasida 70 million dollar o‘zlashtiriladi. Bu yerda 10 tadan 20 tagacha xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish korxonalari barpo etiladi.

Yevroosiyo xalqaro savdo markazi qurilishiga esa 55 million dollar investitsiya kiritilmoqda.

Majmuani mehmonxona xalqaro bozorida yuqori nufuzga ega “Hilton Doubletree” kompaniyasi brendi bilan 5 yulduzli sayyohlik markazi yakunlaydi.

– Hozir Farg‘ona viloyatida Xitoy mablag‘i ishtirokida korxonalar soni 273 tani tashkil etmoqda. Yana 100 ga yaqin loyiha ustida kelishuvlar jarayoni boryapti, – dedi tadbirning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. – Bugun qurilishi boshlanayotgan majmuaga hamkorlarimiz jami 350 million dollar investitsiya kiritishmoqda. Natijada 10 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu, avvalo, Xitoyning O‘zbekistonga, uning tashqi va ichki siyosatiga ishonchi natijasidir.

Tadbirda “Hunan Zhongwei Group Co., Ltd” rahbari Chen Mingbo so‘zga chiqib, biz O‘zbekistonda yaratilgan qulay investitsion muhitdan foydalanib, Farg‘onada 48 gektar maydonga zamonaviy hayvonot bog‘i va Shohimardon qishlog‘ida sayyohlik uchun bir necha kilometrli osma yo‘l qurish loyihasi ustida ham ishlayapmiz, dedi.

Darhaqiqat, yangi loyihalar nafaqat Farg‘ona, balki O‘zbekiston-Xitoy hamkorligida katta ahamiyatga ega yangi sahifa ochmoqda.

– Bugun juda xursandman, chunki uchta yirik loyihamiz – “Foshan” ishlab chiqarish sanoat parki, YevroOsiyo xalqaro savdo markazi va “Hilton Doubletree” mehmonxonasi bir vaqtning o‘zida ishga tushdi, – deydi “Hunan Zhongwei Group Co., Ltd” xalqaro bo‘lim boshqaruvchisi Zhang Xiaoli.  

Qisqacha aytganda, bu uchta loyiha "oltin kombinatsiya"ga o‘xshaydi:

Sanoat parki ishlab chiqarishni amalga oshiradi va "Foshan” ishlab chiqarishining yuqori sifatli mahsulotlarini bu yerga olib keladi.

Savdo markazi esa mahsulotlarni ko‘rsatish va sotish uchun javob beradi, ularni Yevropa va Osiyo bo‘ylab osonlik bilan sotish imkonini yaratadi.

“Hilton Doubletree” mehmonxonasi yuqori sifatli biznes va dam olish xizmatlarini taqdim etadi, shu bilan birga, bu yerga ishga kelgan yoki sayohat qilgan do‘stlarimiz uchun qulay uy bo‘lib xizmat qiladi.

Bu uchta loyiha birgalikda Farg‘ona viloyatida to‘liq ishlab chiqarish zanjirini yaratadi.

Birgina sanoat parkida og‘ir sanoat uskunalarini ta’mirlash zavodi, yoritgichlar ishlab chiqarish, po‘lat konstruksiyalari zavodi, mebel kombinati, qadoqlash fabrikasi quriladi.

Shundan so‘ng uchta yirik loyihaning qo‘shma poydevorini qo‘yish tantanali marosimi bo‘ldi. Unda Farg‘ona viloyati va Xitoy rasmiylari kelajak avlodga yozilgan maktub kapsulalarini birinchi beton quyilma ostiga tashladilar.

Yakunlanib borayotgan 2025 yilda birgina xitoylik tadbirkorlar Farg‘ona viloyatiga kiritayotgan investitsiya miqdori milliard dollarga yetib qoldi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2MRqMX2yEHc" title="Xitoyning Farg‘ona viloyatiga investitsiyasi miqdori milliard dollarga yetib qoldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA