Xitoyning eng yirik amfibiya “AG600” samolyoti endi seriyali ishlab chiqariladi, deb xabar tarqatdi mamlakat aviatsiya sanoati korporatsiyasi.
Bayonotda qayd etilishicha, 11 iyun kuni havo layneri ishlab chiqarish litsenziyasini oldi va rasmiy ravishda seriyali ishlab chiqarish bosqichiga kirdi.
“Sinxua” ma’lumotiga ko‘ra, uchoqning uzunligi 38,9 metr, balandligi 11,7 metr, qanotlari kengligi esa 38,8 metrni tashkil qiladi.
Samolyotning maksimal og‘irligi 60 tonna bo‘lib, 4500 kilometrgacha uchib bora oladi. “AG600” shuningdek, yong‘inlarni o‘chirish uchun 12 tonnagacha suv tashishga qodir.
2017 yil dekabr oyida samolyot ilk sinov parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirgan. Mazkur loyiha 2009 yilning iyun oyida tasdiqlangan va 2016 yilning iyul oyida yig‘ish ishlari yakunlangan.
Ta’kidlanishicha, havo kemasi yong‘in o‘chirish va suvda qutqaruv ishlarini olib borish uchun mo‘ljallangan. Bundan tashqari, u dengiz atrof-muhit monitoringi, yo‘lovchi va yuk tashish, foydali qazilmalar konlarini qidirish uchun qo‘shimcha uskunalar bilan jihozlanishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA