Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoyliklar Shofirkonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga hissa qo‘shadi
15:26 / 2024-04-15

Xitoylik ishbilarmon Yu Kun boshchiligidagi investorlar delegatsiyasi Shofirkon tumanida bo‘ldi. Xitoy ishbilarmon doira vakillarini tuman rahbari Alisher Fayzullayev samimiy kutib oldi.

Xitoy Xalq Respublikasining “GOOD Brothers International Trade and Investment Co LTD” kompaniyasi mas’ullari shu yerda viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Abdurasul Akramov, shuningdek, Shofirkon tumani sektorlari rahbarlari va boshqa tegishli tashkilot mutasaddilari bilan muloqotda bo‘ldi. O‘zlarini qiziqtirgan qator savollarga javob oldi.  

Tuman hokimi Alisher Fayzullayev mehmonlarga tumanni ayni paytda iqtisodiy, ijtimoiy rivojlantirish dasturlari, erishilayotgan yutuqlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Bir-birini tushunish va konstruktiv tarzda kechgan o‘zaro muloqotda hududda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sanoat parki hamda uy-joy qurilishi tarmoqlariga doir qator takliflar ko‘rib chiqilib, xitoylik sarmoyadorlar bu sohalarga investitsiya kiritish taklifini bildirdi.  

Viloyatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shayotgan xitoylik investorlar Shofirkon tumanida ham agrar tarmoqda “Osiyo” massividan 200 ming gektar yer ajratish, bu yerda paxta va g‘alla yetishtirish, parvarishlash, zararkunandalarga qarshi kurashishda innovatsion texnologiyalarni joriy etish, chunonchi, suv taqchilligini inobatga olgan holda tomchilatib sug‘orish uskunalarini ishlab chiqarish va qo‘llashda yaqin hamkorlik qilish tashabbusini ma’lum qildi. 

Shu bilan birga, hududda yengil sanoat sohasida to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish, qurilish materiallarini tayyorlash va sotish, zamonaviy va ixcham, hamyonbop uy-joylarni qurish bo‘yicha yangi loyihalar xitoylik hamkorlar bilan birga muhokama qilinib, bu borada kelishuv memorandumi imzolandi.  

Xitoy ishbilarmonlar uch kun mobaynida chekka tumanda bo‘lib, ko‘zda tutilayotgan loyihalarni o‘rganib, biznes loyihalar amaliyoti yuzasidan mavjud imkoniyatlarni chamalab, mahalliy tadbirkorlar bilan muloqotlar olib bordi.    

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri