Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasi hududlararo investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi hamkorlik aloqalarini kengaytirishni ko‘zda tutgan amaliy tashrif bilan Xitoyda bo‘lib qaytdi.
5 sentyabr kuni boshlangan tashrifning ilk kunida viloyat rasmiylari hamda turli sohalarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar, viloyatdagi yirik kompaniyalar rahbarlaridan iborat Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Sichuan provinsiyasida bo‘ldi.
Delegatsiya a’zolari dunyoning eng yirik quyosh panellari ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri – “Tongwei Solar”ning Szintan bazasida muqobil energiyalar ishlab chiqarishdagi innovatsiyalar bilan tanishdi, quyosh panellari ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.

Viloyat delegatsiyasi, shuningdek, “Tianfu Agriculture Expo Park” qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi parkida bo‘lib, qishloq xo‘jaligi sohasida Xitoyda joriy etilayotgan eng so‘nggi texnologiyalar bilan ham tanishdi. Xususan, quyosh panellari ostida joylashtirilgan innovatsion baliqchilik fermasi, tomchilab sug‘orish bilan sholi yetishtirish texnologiyasi kabi jihatlar alohida o‘rganib chiqildi.
Viloyat delegatsiyasi Chendu iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasida 650 gektar maydonda joylashgan “Volvo Cars” elektromobillar ishlab chiqarish korxonasida ham bo‘ldi.
Chendu sanoat va tijorat federatsiyasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Chenduda “Farg‘ona investitsiya va savdo markazi”, Farg‘onada “Chendu tadbirkorlari markazi”ni tashkil etishga kelishildi.

“Zhiyuanhui information technology Ltd.” kompaniyasiga tashrif chog‘ida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashda boshqaruv tajribasi ko‘zdan kechirildi. Farg‘ona viloyati hokimligi hamda “Zhiyuanhui information technology Ltd.” o‘rtasida viloyatda aqlli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi.
92 milliondan ziyod aholi yashovchi hamda yillik yalpi hududiy mahsuloti hajmi 756 milliard dollarga teng bo‘lgan, hududida dunyoning eng yirik 500 ta xalqaro kompaniyasidan 300 tasi o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan Sichuan provinsiyasining gubernatori Xuan Syan bilan o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida Farg‘ona viloyati va Sichuan o‘rtasida keng ko‘lamli hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va strategik hamkorlik darajasiga olib chiqish, xalqaro global kompaniyalarni Farg‘ona viloyatiga jalb etishda Sichuan tajribasidan foydalanish, Farg‘ona va Chendu shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, qayta tiklanuvchi energetika sohasida hamkorlik qilish, 100 dan ziyod oliygoh mavjud bo‘lgan ushbu provinsiya bilan ta’lim sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hamda Sichuandagi iqtisodiy zonalar hamkorligini yo‘lga qo‘yish kabi masalalarda ish tashkil etishga kelishib olindi. Ikki hudud o‘rtasida aloqalarni izchil rivojlantirish uchun o‘zaro ishchi guruh tarkibi belgilandi, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladigan bo‘ldi.
Sichuan provinsiyasi markazi – Chendu shahri meri Van Fenchao bilan o‘tkazilgan muzokaralar ham samarali bo‘ldi. Xitoyning iqtisodiy eng rivojlangan shaharlaridan biri bo‘lgan Chendu shahri hamda Farg‘ona viloyati o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Chendu shahrida Farg‘ona viloyati va Sichuan provinsiyasi investitsiyalar, sanoat va savdo hamkorligi forumi bo‘lib o‘tdi. 100 nafarga yaqin xitoylik ishbilarmonlar, investorlar hamda Farg‘ona viloyati rasmiylari, viloyatdagi yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan forumda salmoqli natijalarga erishildi.
Hozir Farg‘ona viloyatida Xitoy kapitali ishtirokida 138 ta korxona faoliyat olib borayotgan bo‘lib, 2022 yilda 375,1 million dollar Xitoy sarmoyasi jalb etildi. Bugungi kunda Xitoy bilan hamkorlikda 25 ta loyiha doirasida qiymati 1 milliard 224 million dollarlik investitsiya kiritish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Viloyat hokimining o‘rinbosari – viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Iqboljon Ergashev tomonidan Farg‘ona viloyati iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan ishlar, o‘sish sur’atlari hamda viloyatning investitsion, eksport salohiyati haqida taqdimot amalga oshirildi.
Forum davomida B2B va G2B formatida muzokaralar o‘tkazilib, o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha erishilgan kelishuvlar doirasidagi savdo-investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ish tashkil etish belgilab olindi.

Amaliy tashrif davomida Xitoyning qator yirik kompaniyalari hamda ishlab chiqarish korxonalarida viloyat bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Xitoyning “Jianhua Ceramics” kompaniyasi tomonidan “Qo‘qon” EIZ hududida qiymati 25 million dollar investitsiya hisobiga yuqori sifatli va turli o‘lchovdagi kafellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Viloyat rahbari ushbu kompaniyaning ishlab chiqarish jarayonlari, qo‘llanilayotgan texnologiyalar hamda mahsulot sifati bilan joyida tanishdi.
“Qo‘qon” EIZ hududida gipsokarton ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihani yaqinda ishga tushirgan “BNBM” kompaniyasiga tashrif va kompaniya rahbari bilan muloqot chog‘ida viloyatda yuqori sifatli qurilish, sanoat bo‘yoqlari hamda izolyatsiya mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga investitsiyalar kiritish bo‘yicha kelishib olindi.

“China Huadian Engineering” kompaniyasiga tashrif chog‘ida Farg‘ona tumanida quvvati 150 MVtlik fotoelektrik stansiyani qurish loyihasi muhokama qilindi. Ushbu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, keyingi bosqichda viloyatimiz hududida “Farg‘onaAzot” kabi korxonalarda dioksid uglerodi havoga chiqarib yuborilishi oldini olish, vodorod energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek, chiqindini qayta ishlab energiyalar ishlab chiqarish loyihalari ham amalga oshirilishiga kelishildi.
“DongFeng Special Car Sompany” bilan 2 ta bosqichda Furqat tumanida yillik quvvati 1000 dona, qiymati 100 million dollar bo‘lgan elektrobuslar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga kirishilmoqda. Ushbu kompaniyaning ishlab chiqarish korxonasini borib ko‘rgan viloyat hokimi ishlab chiqarish jarayonlari hamda turli elektrobus modellarning sifatini joyida ko‘zdan kechirdi.
Bu loyiha ortidan qiymati 50 million dollarlik elektromobillarni quvvatlash uskunalarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun “Tunghsu Group” kompaniyasi qiymati 30 million dollarlik “Dongfeng” elektrobuslariga akkumulyatorlar ishlab chiqarish loyihasi bilan “Jiangxi Anchi New Energy Technology Co. Ltd” kompaniyalari Farg‘ona viloyatiga kirib kelmoqda.

– Prezidentimizning muhim islohotlarini, xususan, qulay investitsiyaviy muhitni, berilayotgan imtiyozlarni xitoylik nufuzli kompaniya rahbarlari, ishbilarmonlar ham e’tirof etmoqda, –deydi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov. –Shu bois ham ularning O‘zbekistonga investitsiya olib kirish, hamkorlikni mustahkamlashga qiziqishi kuchli. Biz hududlararo investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi hamkorlik aloqalarini kengaytirishni ko‘zda tutgan Xitoyga amaliy tashrifi davomida jami 32 ta, shundan umumiy qiymati 1,37 milliard dollar bo‘lgan 29 ta investitsiyaviy kelishuv va savdo shartnomalarini imzolashga erishdik.
Chendu shahrida 95 nafar xitoylik investor ishtirokida tashkillangan Farg‘ona viloyati va Sichuan provinsiyasi investitsiyalar, sanoat va savdo hamkorligi forumi, Syamen shahrida bo‘lib o‘tgan X “Markaziy Osiyo-Xitoy hamkorligi” forumi doirasida 60 nafar xitoylik ishbilarmonlar ishtirokida o‘tkazilgan panel sessiya, shuningdek, Pekin shahrida O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasida 28 ta, Guanjou shahrida 18 ta yirik kompaniyalar vakillari bilan o‘tkazilgan G2B va B2B formatidagi biznes uchrashuvlar natijasida imzolangan ushbu hujjatlar Farg‘ona viloyati va Xitoy o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
“China Power International”, “CAMC Engineering Co.”, “Shaanxi Xiangsheng Industrial Group”, “China Huadian Engineering Company” kompaniyalari bilan Beshariq va Farg‘ona tumanlarida fotoelektrik stansiyalar qurish uchun umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan 4 ta loyiha bo‘yicha hujjat imzolandi. Sanoat sohasida misdan tayyor mahsulot, qishloq xo‘jaligi texnikasi, bolalar tagliklari, kafel, keramogranit, temir profillar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda umumiy qiymati 112 million dollar bo‘lgan 7 ta loyiha doirasida kelishuvlar imzolandi.

Viloyatdagi ijtimoiy muassasalarni qurish yoki kapital rekonstruksiya qilish hamda “Kampirobod” suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortish loyihalari borasida Xitoyning “SINOMASH” xoldingi bilan dastlabki kelishuvlar bo‘ldi.
Delegatsiya tomonidan “Zhiyuanhui Information Technology Inc.” kompaniyasi bilan Farg‘ona shahrida “aqlli shahar” tizimi asosida raqamlashtirish yuzasidan shartnoma imzolandi. Xitoy tomoni bu loyihani 2 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida sinov tariqasida beg‘araz amalga oshirib beradi.
Pekin shahridagi eng yirik meva-sabzavot savdo kompleksi bo‘lgan Sinfadi rahbariyati bilan Farg‘ona viloyatida yetishtiriladigan meva va sabzavot mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, dastlabki kelishuvlarga erishildi.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri