Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoylik tadbirkorlar Jalaquduq tumanida qalampir yetishtiradi
11:59 / 2024-01-21

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida turli jabhalarda hamkorlik aloqalari yildan-yilga kengayib bormoqda. Bugungi kunda birgina Andijon viloyatining o‘zida Xitoy investitsiyasi yoki xitoylik tadbirkorlar ishtirokida o‘nlab korxonalar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan keyingi ikki yil davomida mamlakatimiz hududlarining Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish va yanada mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar yaratib berildi. Ana shu imkoniyatlar samarasida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Xitoy davlatida xizmat safarida bo‘lib, charm poyabzal, elektromobillar uchun akkumulyatorlar, lift ishlab chiqarish, metall konstruksiyalar tayyorlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash, shuningdek, GESlar qurish, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa qator yo‘nalishlar bo‘yicha Xitoyning yirik kompaniyalari bilan 50 dan ortiq kelishuv va memorandumlar imzolagan edi.

Ana shu hamkorlik doirasidagi kelishuvlar asosida viloyat bilan yaqindan tanishish, rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida tashrif buyurgan Xitoyning "Tianjiao Hongan Agriculture Hightech"kompaniyasi vakillari Jalaquduq tumanida bo‘ldi.  

Tuman hokimi Hikmatullo Latipov xitoylik mehmonlar bilan uchrashuvda mamlakatimizda xorijiy investorlarga yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar, tumandagi shart-sharoitlar haqida ma’lumotlar berdi.  

Xitoy kompaniyasi Jalaquduq tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, qalampir yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha loyihani amalga oshirishi, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratishi ko‘zda tutilgan. Uchrashuvda tuman hokimligi tomonidan mazkur loyihaning amalga oshirilishi uchun yetarli imkoniyat va shart-sharoitlar yaratib berilishi ta’kidlandi.  

Xitoy kompaniyasi tomonidan tumandagi Qatortol, Amir Temur va T. Toshmatov massivlarida 206 gektar maydonda qalampir yetishtiriladi va uni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi.  

Tuman hokimi H. Latipov "Tianjiao Hongan Agriculture Hightech" kompaniyasi rahbari Li Dao Fang va kompaniya vakillari bilan tumanda paxtani qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy korxona tashkil etish hamda qishloq xo‘jaligi texnikalari yetkazib berish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham muzokaralar olib bordi.  

F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri