Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev viloyatdagi Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar vakillari, tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Tadbir avvalida A.Boboyev keyingi yillarda O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari, mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini qayd etib, bunda ikki davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodalari, oliy darajadagi uchrashuvlari muhim rol o‘ynayotganini ta’kidladi. Natijada davlatlar o‘rtasidagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilib, turli sohalardagi munosabatlar yangi bosqichga chiqdi.

Birgina Samarqand viloyatida bugungi kunda Xitoy kompaniyalari kapitali ishtirokida 76 ta xorijiy korxona hamda 20 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. 2023 yilda viloyatning Xitoy hududlari bilan tovar aylanmasi 370,8 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilning 11 oyida bu ko‘rsatkich 456,7 million dollarga yetdi. Bugungi kunda qiymati 2 milliard 808 million dollarlik 63 ta loyiha bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, Shensi provinsiyasi tadbirkorlari bilan umumiy qiymati 551,5 million dollarlik 62 ta istiqbolli investitsiya kelishuvlari doirasida muzokaralar jarayoni ketmoqda.
Viloyat rahbari hokimlik va barcha boshqarma va idoralar rahbarlari bundan keyin ham Samarqandda o‘z biznesini tashkil etmoqchi bo‘lgan investorlarga, tadbirkorlarga qonun doirasida ko‘mak berishga tayyorligini bildirib, investorlarni hududlar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishda yaqindan ko‘mak berishga chaqirdi.

Xitoylik tadbirkorlar bu kabi uchrashuvlar biznes rivoji uchun muhim ekanligini ta’kidlab, yana qator yangi loyihalarni Samarqandda amalga oshirishga tayyor ekanini bildirishdi. Shuningdek, ish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar, birgalikda hal etiladigan masalalar yuzasidan viloyat rahbariga murojaat qildilar.

– Biz Samarqandga 250 million dollar miqdorida investitsiya kiritib, biofarmatsevtika bo‘yicha dori vositalari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiryapmiz, – deydi xitoylik investon Zong Jingle. – Hozir 20 gektar maydonda qurilish ishlari olib borilmoqda. Bugungi uchrashuvda ish yuzasidan o‘zaro fikr almashib, ayrim takliflarimizni bildirdik. Bunday tadbirlar loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish va samarali faoliyat olib borish uchun juda muhim, deb hisoblayman.
Viloyat hokimi tadbirkorlar bildirgan muammolarga tegishli mas’ullar bilan birgalikda yechim izlab, ularga amaliy yordam berish choralarini ko‘rishdi. Bir qator masalalar shu yerning o‘zida ijobiy yechim topdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri