French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoylik sobiq amaldor o‘z hayotini barbod qildi
16:02 / 2025-07-17

Sud Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Davlat aktivini nazorat qilish va boshqarish qo‘mitasi sobiq xodimi, vazir o‘rinbosari Luo Yulinni poraxo‘rlikda ayblab, ikki yilga uzaytirish sharti bilan o‘lim jazosiga hukm qildi, deb xabar tarqatdi mamlakat markaziy televideniyesi.

Sharqiy Shandun provinsiyasi Sindao shahri oraliq xalq sudi shu ish bo‘yicha hukm chiqardi?

– Sudlanuvchi poraxo‘rlik va ichki ma’lumot bilan savdo qilgani uchun ikki yil ozodlikdan cheklanib, siyosiy huquqdan umrbod mahrum etildi, bor shaxsiy mol-mulki musodara qilinib, o‘lim jazosiga hukm qilindi, – deyilgan sud qarorida. – Ikki yillik muddat tugagach, qonunga muvofiq oliy jazo umrbod ozodlikdan mahrum etish bilan almashtiriladi. Bundan tashqari mansabdor shaxs tomonidan noqonuniy yo‘l bilan to‘plangan mol-mulk va daromad davlatga qaytariladi, yetmay qolgan taqdirda keyinchalik undirilishi shart.

Qayd etilishicha, Luo Yulin 1997-2023 yillarda turli lavozimlarda o‘z mansabi va mavqeini suiste’mol qilgan, tashkilot va shaxslarga korxonani boshqarish va shartnoma tuzishda yordam bergan. Buning uchun 220 million yuan (taxminan 30,69 million dollar) ekvivalentidagi mulkni noqonuniy ravishda olgan.

Shuningdek, sud 2013-2014 yillar mobaynida mansabdor shaxs uchinchi shaxsga qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha bitim narxiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan ichki (insayder) ma’lumotini ham oshkor qilgani aniqlandi. Bu vaziyatni og‘irlashtiruvchi holat hisoblanadi.

Ayni payt Xitoyda ko‘pincha “yo‘lbarslar” deb ataladigan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniya olib borilmoqda. Shu oqimga tushib qolgan har qanday amaldor yoki davlat xizmatchisi juda og‘ir, jumladan o‘lim jazosini oladi. Chin yurtida davlat xizmatidagi byurokratiya, isrofgarchilik va nomaqbul xatti-harakatga barham berishga qaratilgan mansabdor shaxslar uchun to‘g‘ri xulq-atvor “sakkiz qoidasi” joriy qilingan. 2022 yil Si Szinpin “korrupsiya partiyaning hayotiyligi va jangovar qobiliyatiga tahdid soladigan asosiy xavfli o‘simta” deya e’lon qilgan.

– Korrupsiya uchun asos va shart-sharoit mavjud ekan, ushbu illatga qarshi kurash bir daqiqa ham to‘xtab qolishi mumkin emas, – degan XXR rahbari. – Partiya bunday holatlarga hech qachon toqat qilmaydi va korrupsiyani mulohazakorlik tamoyiliga amal qilgan holda jazolaydi.

S.Rahimov, O‘zA