Turizm qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Xitoydan sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha ishlar ko‘lami sezilarli kengaygan. Jumladan, 2025 yil “Xitoyda O‘zbekiston turizm yili” deb e’lon qilindi.
Yil davomida Xitoyning yirik shaharlari va provinsiyalarida turizm roudshoulari o‘tkazildi. Sian, Guanchjou, Gonkong shaharlaridagi salmoqli turizm ko‘rgazmalarida mamlakat milliy stendi bilan ishtirok etildi. Shuningdek, ikki mamlakat turizm tadbirkorlari o‘rtasida bevosita aloqalar kengayishi uchun zarur imkoniyatlar yaratildi.
Masalan, shu kungacha o‘tkazilgan tadbirlarda 500 dan ortiq Xitoy turkompaniyalari bilan B2B muzokaralar tashkil etilib, 40 dan ortiq hamkorlik bitimlari imzolandi. 2025 yil 1 iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilgani soha vakillari uchun juda katta imkoniyat ochib bermoqda. Natijada, 2025 yil yanvar-oktyabr oylari davomida yurtimizga Xitoydan 217 ming nafar turist tashrif buyurdi. Yil yakuniga qadar esa mazkur ko‘rsatgich 250 minga yetishi kutilmoqda.
E’tiborlisi, Turizm yili davomida erishilgan natijalar joriy yildagi maqsadli ko‘rsatkich – 180 ming nafardan 40 foizga ko‘p va o‘tgan yilga nisbatan 3,7 baravar o‘sish ta’minlandi. Bu esa davlatimiz rahbari tomonidan soha oldiga qo‘ygan yirik maqsad – Xitoydan 1 million sayyoh jalb qilishdagi qadamlar jadallashganidan dalolatdir.
B.XUDOYBERDIEV,
O‘zA