Shansi muzofoti Madaniy merosni tadqiq qilish va himoya qilish kompaniyasi va Shansi universiteti Arxeologiya va muzeyshunoslik maktabi vakillaridan iborat qadimshunoslar guruhi arxeologik ishlarni o‘tkazish uchun O‘zbekistonga keldi. Bu haqda "Sinxua" axborot agentligi xabar berdi.
Shansi Arxeologiya instituti va Farg‘ona davlat universiteti hamkorligida amalga oshiriladigan mazkur transmilliy tashabbus asosida ko‘hna Axsikentni tizimli o‘rganish maqsad qilingan. Xususan, Mingtepa, shuningdek Arsif qabristonida sinov-qazish ishlari rejalashtirilgan.

Shu tariqa vodiy janubidagi qadimiy shaharlarning joylashuvi, qurilish uslubi hamda dafn marosimi bilan bog‘liq an’analar o‘rganiladi. Bu jarayon Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy, madaniy almashinuvni mustahkamlash, mamlakatlar sivilizatsiyalari solnomalarini boyitish uchun zamin yaratadi. Loyiha 30 dekabrda yakunlanadi.

Darvoqe, Axsikent arxeologiya majmuasi vakillaridan iborat ekspeditsiya Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti bilan hamkorlikda izlanishlarni faol davom ettirmoqda. Masalan, hozirgacha Munchoqtepada III-IV asrlarga oid sag‘analar majmui va marosimlar o‘tkaziladigan ibodatxona topilib, Namangan o‘lkashunoslik muzeyida Axsikent arxeologiya bog‘i tomonidan barpo etilgan laboratoriyaga joylashtirildi. Institut rahbari Chen Szinsyan Namanganga kelib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
M.Pirmatova, O‘zA