Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoylik o‘quvchilar ikki xalq va davlat do‘stligini qanday tasavvur etishadi? (+video)
18:55 / 2026-02-09

Bugun O‘zbekiston – Xitoy siyosiy, iqtisodiy munosabatlari eng yuqori darajaga chiqqan. Endi bu hamkorlik ijodkor o‘quvchi yoshlar o‘rtasida ham shakllanmoqda. Bundan ikki oy ilgari Pekinda g‘aroyib ko‘rgazma bo‘ldi. Unga qo‘yilgan rasmlarda O‘zbekiston – Xitoy manzaralari, Buyuk ipak yo‘li, temir yo‘l qurilishi, bir-birini tutgan do‘st-birodarlar aks etgandi. Aslida yosh rassomlarning ilk chizma asarlari Xitoyga farg‘onalik tadbirkorlar tashrifi madaniy dasturi doirasida namoyish etilgan.

– Xitoyning 27 ta provinsiyasidan 300 dan ortiq o‘quvchi bolalar O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari mavzuidagi rasmlar tanlovida ishtirok etishdi, – deydi Farg‘ona viloyat hokim o‘rinbosari Xurshid Ahmedov. – Ko‘rgazma Xitoyga tashrif buyurgan viloyatimiz tadbirkorlarida katta taassurot qoldirdi. Va uni O‘zbekistonda ham namoyish etish taklifini kiritdik.

O‘sha kun keldi Bugun Farg‘onadagi muhtasham ko‘rgazmalar zaliga 300 nafar o‘quvchi yoshning ilk ijod namunalari qo‘yildi. Ko‘rgazmaning tantanali ochilishida viloyat hokimi o‘rinbosari, homiy va tashkilotchi – “Xitoy iqtisod va savdo jurnali” direktori Yuching Vey  hamda Xitoyning O‘zbekistondagi turizm elchisi Chi Lyu xonim so‘zga chiqib xalq diplomatiyasi bolalar do‘stligidan boshlanishini alohida ta’kidladilar.  

– Biz o‘quvchi bolalardagi O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni ko‘rib hayratda qoldik, – deydi “Xitoy iqtisod va savdo jurnali” direktori Yuching Vey. – Ishonchim komilki, bu suratlarning mualliflari kelajakda rassom bo‘lmas, ammo ikki davlat himkorligi yo‘lida xizmat qiluvchi mutaxassis bo‘lib yetishadilar.

Ko‘rgazma chog‘ida uning istiqbol rejalari ham e’lon qilindi.

– Ushbu ko‘rgazmaning davomi xitoylik hamkorlarimiz va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Farg‘ona viloyat bo‘limi hamkorligida o‘zbekistonlik o‘quvchi bolalar ishtirokida tashkil etiladi. Uning g‘oliblari asarlari esa Pekin shahridagi ko‘rgazmalar zalida namoyish etilishi haqida kelishuvga erishdik, – deydi Xurshid Ahmedov.

Bolalar chizgan rasmlarning g‘oya va o‘ziga xosligi, ular bilan amaliy mashg‘ulotlar dasturi, iqtidor egalariga mustaqil onlayn darslar... Bu kabi mavzular O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Farg‘ona viloyat bo‘limi va xitoylik rassom mutaxassislarning ilmiy-amaliy konferensiyasi bosh mavzusi bo‘ldi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EV3w2ec8ErU" title="Xitoylik o‘quvchilar ikki xalq va davlat do‘stligini qanday tasavvur etishadi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA