Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F. Ermanov Xitoyning “Datatek technology co.,ltd” “Datatek Group” kompaniyasi raisi Ray Hung boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda tomonlar respublikada jamoat transporti infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologik toza transport vositalarini joriy etish, zamonaviy to‘lov tizimlarini yo‘lga qo‘yish va xalqaro tajribalarni mahalliy sharoitga moslashtirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari mamlakatimizda jamoat transporti sohasida olib borilayotgan islohotlarni e’tirof etar ekan, o‘zlarining zamonaviy texnologiyalar va moliyaviy resurslar asosida yirik loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdilar.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlik doirasida birinchi bosqichda zamonaviy avtobuslar xaridi va raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish rejalashtirildi.
Mazkur uchrashuv ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash, jamoat transportini modernizatsiya qilish va aholiga qulaylik yaratishga xizmat qiladigan muhim qadam bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri