So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy karantin xizmatlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik natijasida mamlakatimizda yetishtirilgan yong‘oq, gilos, anor, qovun, mosh, yeryong‘oq, achchiq qalampir, quritilgan achchiq qalampir, olxo‘ri kabi mahsulotlar Xitoy bozorlariga muvaffaqiyatli kirib bordi.
Xususan, bugungi kungacha O‘zbekistondagi yeryong‘oq mahsulotini qadoqlovchi 22 ta korxona Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona boshqarmasi saytida ro‘yxatdan o‘tkazilib, mamlakatimiz tadbirkorlari tomonidan Xitoy davlatiga faol eksport jarayoni amalga oshirilyapti.
Ayni kunlarda Xitoy bozorlariga O‘zbekistondan olib kirilgan mahsulotlarning talabgirligi bois eksportyor korxonalar ro‘yxati yanada kengayib, Xitoy davlatining fitosanitar talablariga javob beradigan korxonalar soni 30 taga yetdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, yangi qo‘shilgan korxonalar “Agro Gumush Jomboy” MCHJ (Samarqand viloyati Jomboy tumani), “ETG Commodities” MCHJ (Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani), “Evergeen Agriculture” MCHJ (Toshkent shahri Bektemir tumani), “Green Gold Max” MCHJ (Samarqand viloyati Jomboy tumani), “Uztrade” MCHJ (Toshkent shahri), “Golden Leaf's Future” MCHJ (Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani), “FURQAT-EXPORT-INVEST” YATT (Farg‘ona viloyati Furqat tumani), “Sweetbeans” YATT (Namangan viloyati Chust tumani)dan iborat.
Kelishuvga asosan yeryong‘oq eksport qiluvchi tadbirkorlar uchun quyidagi asosiy talablar belgilangan. Jumladan, yeryong‘oq yetishtiriladigan dalalar, uni qadoqlash sexlari, saqlash omborxonalari O‘zbekiston va Xitoy karantin xizmatlarining birgalikdagi ro‘yxatidan o‘tkazilishi, yeryong‘oq “no‘xatdon xo‘ri”, “omborxona zararli kuyasi”, “tegirmon parvonasi”, “omborxona uzun buruni”, “barg kanasi”, “qoramog‘or kasalligi” kabi zararkunandalardan holi bo‘lishi kerak. Qolaversa, mahsulot tuproqdan holi hamda begona o‘t, urug‘lar, o‘simlik qoldiqlari va qum yoki shag‘al bilan aralashtirilmagan bo‘lishi, yer yong‘oq yetishtiriladigan dala O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi inspektorining doimiy nazoratida bo‘lishi, mahsulotni qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va tashish inspektor nazorati ostida amalga oshirilishi, mahsulot magniy-fosfid yoki alyuminiy-fosfid bilan fumigatsiya qilinishi, mahsulot qadog‘i toza, gigiyenik, havo o‘tkazadigan va yangi materiallardan iborat bo‘lishi kerak.
Yana bir ma’lumot, yurtimiz tadbirkorlariga yanada ko‘proq qulaylik, yengillik yaratish maqsadida mahsulotlarni avtotransportda uchinchi mamlakat hududidan tranzit orqali yetkazish bo‘yicha kelishuv ham imzolangan bo‘lib, shu asosda o‘zbekistonlik tadbirkorlar Xitoyga yeryong‘oqni Qozog‘istondan “Alashankou” (temir yo‘l orqali) va “Xorgos”, Qirg‘izistondan “Irkeshtam” hamda “Turgart” chegara o‘tkazish punktlari orqali avtotransportda bemalol olib o‘tishi mumkin. Yuqoridagilardan kelib chiqib, yana shuni ma’lum qilamizki, tadbirkorlar tomonidan belgilangan fitosanitar talablarga rioya etilmasa, mahsulotlar chegara nazorat punktlaridan qaytarilishi va eksportga ochilgan bozorlarga kirish imkoniyati kamayishi mumkin.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA