Xitoyga qovun, anor, uzum, limon va boshqa mahsulotlarni eksport qilish rejalashtirilmoqda
Uchrashuvda oʻsimliklar karantini tizimida soha xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari ham muhokama qilindi.
Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekin shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari E.Gʻaniyev, “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi boshligʻi I.Ergashev Xitoyning Bojxona maʼmuriyati boshligʻi Ni Yufen bilan fitosanitar talablar asosida qator mahsulotlar eksportini amalga oshirish borasida muzokaralar oʻtkazdi. Bu haqda “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi matbuot xizmati xabar qildi.
Uchrashuvda tomonlar Xitoyga qovun eksportiga fitosanitariya ruxsatnomasini berish tartibini muhokama qildi. Xitoy tomoni Inspeksiyadan olingan texnik maʼlumotlarga asosan, zararkunanda xavfini tahlil qilish jarayoni yakunlanganini taʼkidladi. Xitoy davlati qonunchiligiga koʻra, mutaxassislar qovun dalalarini atroflicha tekshiruvdan oʻtkazadi. Yakunda tegishli hujjat imzolanib, ushbu mahsulotlar importiga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, 2019-2020 yillarga moʻljallangan idoralararo hamkorlik dasturi loyihasi koʻrib chiqildi. Ikki yillik muddatni oʻz ichiga olgan mazkur hujjatda Oʻzbekistondan Xitoyga qovun, anor, uzum, limon va boshqa mahsulotlar eksporti masalasi koʻzda tutilgan. Ushbu loyiha hujjatlari joriy yilning may oyida xitoylik mutaxassislarning poytaxtimizga tashrifi doirasida imzolanishi mumkin.
Uchrashuvda oʻsimliklar karantini tizimida soha xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari ham muhokama qilindi.