English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoydan qiymati 90 ming dollarlik 1 va 0,5 litrlik hajmda sharbatni qadoqlaydigan uskuna keltirdi
15:53 / 2017-10-31

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi “Delta muhandis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida meva-sabzavotlardan ishlab chiqarilayotgan turli sharbatlar yuqori sifatliligi va xushta’mi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi “Delta muhandis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida meva-sabzavotlardan ishlab chiqarilayotgan turli sharbatlar yuqori sifatliligi va xushta’mi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratish, ularga imtiyozlar taqdim qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.

Buni mazkur korxona faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Ilgari meva-sabzavot mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullangan “Delta muhandis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nizomiddin Aliyev tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilayotgan imtiyoz va qulayliklardan foydalanib, meva-sabzavotlarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘ydi. 2016-yil sentabr oyida tijorat bankidan olingan 400 million so‘m imtiyozli kredit va tadbirkorning o‘z mablag‘lari hisobiga 1 milliard 200 million so‘mlik loyiha amalga oshirildi. 14 ishchi mehnat qilayotgan korxonada ayni paytda qovoq, olma, lavlagi, uzumdan 1,5 va 3 litrlik akseptik paketlarga qadoqlangan 6 turdagi sharbatlar ishlab chiqarilmoqda.

Mamlakatimizning barcha hududlarida oziq-ovqat, xususan, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmi yildan-yilga oshib, tayyor mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish ko‘lami tobora kengaymoqda. Shuni hisobga olgan holda ish yuritayotgan korxonada raqobatbardosh eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 5-oktabrdagi "Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

– Seximiz Avstriyadan keltirilgan 115 ming dollarlik zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan, – deydi “Delta muhandis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nizomiddin Aliyev. – Bir kecha-kunduzda 12 tonnagacha meva-sabzavotni qayta ishlaydigan ushbu uskunalardan unumli foydalanishga, mahsulotimiz sifatini yanada yaxshilash va turini ko‘paytirishga harakat qilmoqdamiz. Boisi bugungi iste’molchining didi nozik, tanlash imkoniyati keng. Shunday ekan, faoliyatni muntazam takomillashtirib borish tadbirkorlikning birinchi talabidir.

1.jpg

Darhaqiqat, korxona jamoasi bozor talablarini hisobga olgan holda Xitoydan qiymati 90 ming dollarlik 1 va 0,5 litrlik hajmda sharbatni qadoqlaydigan uskuna keltirdi. Bu mahsulot turi va xaridorgirligini oshirishga xizmat qilmoqda.

“Delta muhandis”da ishlab chiqarilayotgan sharbatlar o‘zining mazali ta’mi va yuqori sifati bilan iste’molchilarga manzur bo‘lmoqda.

– Xom ashyoni fermer xo‘jaliklaridan shartnoma asosida olyapmiz, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Olim Turdiyev. – Bundan tashqari, dehqon va shaxsiy tomorqa xo‘jaliklaridan ham meva-sabzavotlar xarid qilinmoqda. Kelajakda ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish maqsadida 2 gektar maydonda bog‘ ham tashkil etdik. U yerga behi, shaftoli kabi mevali daraxtlar ko‘chatlari o‘tqazilgan.

Korxona jamoasi o‘tgan yili 90 tonnaga yaqin mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni yanada oshirishni rejalashtirmoqda.