Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoydan navbatdagi insonparvarlik yordami keldi
19:56 / 2020-04-10

Ushbu insonparvarlik yuki Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy tadbirkorlari uyushmasi va qator kompaniya va tashkilotlar tomonidan taqdim etildi.


10-aprel kuni Oʻzbekistonning Pekindagi elchixonasi va Shanxaydagi Bosh konsulligi tomonidan shakllantirilgan navbatdagi insonparvarlik yuki, shuningdek, mamlakatimiz Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan xarid qilingan tibbiy uskunalar Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida Toshkentga yetib keldi.

Insonparvarlik yuki tarkibida funksional tibbiy karovatlar, oʻpkani sunʼiy shamollatish, polimeraza zanjirli reaksiyasi uskunalari, raqamli rentgen diagnostika tizimlari, exokardiografiya va tomir doplerlari uchun kardiologiya sensorli ultratovush apparatlari kabi jihozlar bor. Ushbu insonparvarlik yuki Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy tadbirkorlari uyushmasi va qator kompaniya va tashkilotlar tomonidan taqdim etildi.

photo_2020-04-10_19-50-43.jpg

Oʻzbekistonlik tadbirkor Gulbahor Tojimirzayeva hamda futbol boʻyicha milliy terma jamoa sardori Odil Ahmedovning tibbiy buyumlar koʻrinishidagi xayriya yuklari ham ushbu samolyotda olib kelindi.

Qayd etish joiz, “Alibaba Group” kompaniyasi va Jek Ma nomidagi jamgʻarma koronavirusga qarshi kurash doirasida SHHTga aʼzo davlatlar, jumladan, Oʻzbekistonga insonparvarlik koʻmagi koʻrsatdi. Tibbiy niqoblari va kombinezonlar, test tizimlari, pirometrlardan iborat yukning asosiy qismi joriy yil 6-aprel kuni mamlakatimizga olib kelingan edi. Bu gal jamgʻarma taqdim etgan nafas yoʻllarida ijobiy bosimni taʼminlaydigan 10 ta apparat yurtimizga yetkazildi.

photo_2020-04-10_19-50-06.jpg

Mamlakatimizda koronavirus epidemiyasiga qarshi qatʼiy choralar koʻrilayotgan ayni damda xitoylik hamkorlarning Oʻzbekistonga tibbiy vositalar koʻrinishida yordam berayotgani Oʻzbekiston bilan Xitoyning nafaqat yaqin va ishonchli sherik, balki umumiy qiyinchiliklarni birgalikda bartaraf etishga tayyor sodiq doʻst ekanini namoyish etmoqda.

Oʻzbekiston elchixonasiga Xitoyning turli hududlaridagi sheriklardan koronavirusni yengishda zarur dori-darmon, tibbiy vosita va uskunalarning kelishi davom etmoqda.

photo_2020-04-10_19-50-11.jpg